Sunday 26 August 2012

G'urbatdagi sog'inch haqida



Vatanni sog'inish haqida gap ketganida, uzoq vaqt chet elda ishlagan yoki o'qigan odamlar boshqalarga qarab faylasufona, ba'zan esa ko'ksiga g'urur bilan mushtlab, "sog'inch qanday bo'lishini mana bizdan so'rang, akasi" deganini ko'p ko'rganman. O'zim ham bir-ikki marta shunday degan bo'lsam, ajab emas. Bu gap qanchalik balandparvoz bo'lmasin, uning tagida haqiqiy ma'no, bir odam ichidan o'tkazgan kechinma borligiga ishonganim uchun, undan ham muhimrog'i, ana shu satrlarni yozayotganimda o'sha kechinmani o'zim his qilayotganim uchun bu yozuvga qo'l urdim. Chunki qog'ozga tushiriladigan har bir yozuv, muharrirning qistovi bilan bo'lmagan taqdirda, deyarli har doim yozuvchiga tinchlik bermaydigan, kunlab uning hayolini o'g'irlaydigan kechinmadan tug'iladi.

Sog'inch deganda men, boshqalardan farqli o'laroq, ko'pincha oddiy, boshqa odamlarning diqqatidan chetda qolgan narsalarni o'ylayman. Albatta, boshqa hamma kabi men ham birinchi navbatda odamlarimizni - o'zimning oilam, qarindoshlarim, do'st-birodarlarimni; undan keyin taomlarimizni, qo'shiq-kuylarimizni sog'inaman. Lekin bularni kim ham sog'inmaydi?

Meni bularni yozishga undagan ko'z oldimga xotiramning burchaklaridan chiqib kelgan bir tasvir bo'ldi; nima uchun aynan shu tasvir ko'rindi menga, buni o'zim ham bilmayman. Unda yozning issiq bir kunida, xuddi hozirgi kabi, qishlog'imdagi asfalt ko'cha bo'ylab qator bo'lib ekilgan tut daraxtlari, ularning ortidagi dalalarni ko'rdim. Tut daraxtlari menga boshqa shunga o'xshash yo'llarni, vatanimizning ko'chalari bo'ylab pillaga ozuqa barglarini yoyib turgan yana minglab ana shunday daraxtlarni, ularning shoxlarida qizarib, suvga to'lib pishayotgan mevalarini eslatdi. Tasvirlar xotiralarga ulandi: bolaligimni esladim, yozning bearmon kunlarida tutlarga tirmashib yegan tut mevalarining ta'mi yana og'zimga qaytib kelgandek bo'ldi.

"Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q," degan maqolning asl ma'nosini ana shunday paytlarda to'liq tushunib yetaman. Men tasvirlagan manzaralarning oldidan yuz marta o'tib, ularning shu darajada ilhom va sog'inchga sabab bo'lishini hayolingizga ham keltirmassiz. Lekin aynan ana shunday xotiralar odamda o'zgacha huzun, o'zgacha sog'inch, o'zgacha xotiralarni uyg'otadi.

Surat haqida: Suratdagi yuqorida yozganim qishlog'imning ko'chasi emas - rasmni internetdan (mana bu yerdan) oldim. Men ham boshqalar kabi qishlog'imning ko'chasiga ahamiyat berishni hayolimga keltirmagan ekanman. Bu suratni bir horijlik sayyoh olgan. Garchi mening qishlog'im bo'lmasa-da, bir-biriga o'xshash minglab qishloq ko'chalaridan birining surati bo'lgani uchun, menga juda tanish tuyuldi.