Thursday 12 September 2013

Kunchiqar yurtdan xabarlar



Shu oydan boshlab bir yil davomida Shamollar yurtidan emas, Kunchiqar o'lkadan xabar beraman. Uzoq tanaffusdan keyin yana Yaponiyaga keldim, hali bu yerga qayta o'rganib ulgurmadim ham. Lekin Kembrij ancha esdan chiqib bo'ldi.

Nomi mos bo'lmasa-da, bir yil davomida bu blog Yaponiya va yaponlar haqida blog bo'lib turadi. Bu yer uchun bo'lak blog ochishga na vaqt bor, na xohish.

Qiziqarli narsalar, mavzular bu yerda ham yetarli, vaqt topib, yozib borishga harakat qilaman.

Saturday 8 June 2013

Kembrij universiteti haqida




Kembrij universiteti haqida yozishni anchadan beri reja qilaman, lekin hech qo'lim tegmaydi. Yozadigan narsa shunchalik ko'pki, o'rtacha kattalikda bir kitob yozsa arziydi. Nimadan boshlashniyam bilmayman, rostini aytsam. Shu sababdan, bu yerda universitet haqida ko'pchilik bilmaydigan ma'lumotlarni, Vikipediyada yozilmaydigan gaplarni, o'zim bu yerdaligimda eshitgan-ko'rganlarimga asoslanib yozmoqchiman. Matnni rasmlar bilan to'ldirib boraman.

Saturday 13 April 2013

Savol

O'zbek tilida chop qilingan jahon adabiyoti asarlari, yoki o'zbek klassikasidan kitoblar bo'lsa, necha pulga sotib olgan bo'lardingiz? 300 betlik kitobga 10 ming so'm to'larmidingiz? Yo ko'plik qiladimi?

Sifati pastroq qog'ozda, yumshoq jildda bo'lsa, lekin bir marta o'qishga arziydigan nashr va tarjima sifatida bo'lsa, sizningcha, olishadimi?

Fikrlaringizni ayamang.

Thursday 28 March 2013

Yana Angliyaning havosi haqida


London metrosida yaqinda bo'ladigan qattiq sovuq haqidagi ogohlantirish

Angliyada o'tkazgan har yilim ob-havo nuqtai-nazaridan yangi bir rekord o'rnatilgan yil bo'ladi. Bu yerga ilk kelgan yilim - 2006 yil yozi oxirgi 100 yil ichidagi eng issiq yoz bo'lgandi. O'zbekistonda tug'ilib o'sgan odam uchun u yoz unchalik og'ir bo'lmasa-da (lekin juda dim bo'lgandi, nafas olish qiyin edi), Angliyada qariyalar, yuragi yomonlar birma-bir o'la boshlagandi o'shanda.

O'tgan yilning bahori, ayniqsa aprel oyi, oxirgi 50 yil ichida yog'ingarchiligi eng ko'p oy bo'ldi. Har qanday ko'pni ko'rgan qariya ham "e boreee" deb, ob-havoni bo'ralatib so'kdi. Ishonasizmi, yo'qmi, butun oy - o'ttiz kun - davomida, quyosh yo bir marta ko'rindi osmonda, yo ko'rinmadi. Kun ortidan tun yomg'ir yog'di, xuddi Gabriel Garsia Markesning Yolg'izlikning yuz yili romanida yillab yoqqan yomg'ir kabi. Kamida bir hafta tinmay yoqqan yomg'irni umrimda birinchi marta o'shanda ko'rdim.

Bu yilning bahori esa "oxirgi 30 yil ichidagi eng sovuq bahor" degan sharafli, tarixiy nomga sazovor bo'ldi. Toshkentda quyosh charaqlab, Tokyoda sakuralar chappar urib gullayotgan bir paytda, bu yerlarda odamlar sovuqdan qaltirab, har kuni osmondan shoshilmasdan tushayotgan qor parchalarini dekabrdagi kabi quvonch bilan emas, balki ich-ichidan so'kib kutib olishayapti.

O'ylab qoldim - o'zi har yili shunday bir rekord o'rnatiladimi, yo faqat men bu yerda bo'lgan yillardami? :)

Wednesday 20 March 2013

Do'ppi kiygan Stalin

Beqasam yaktak, do'ppi kiygan Iosif Stalinning rasmini ko'rdim, desam ishonasizlarmi? Balkim oralaringizda bu rasmlarni ko'rganlar bordir?

Bugun kitob do'konida sobiq Ittifoq tarixidan rasmlar jamlangan bir kitobni varaqlayotib, Moskvada O'rta Osiyo (o'sha paytlarda "Markaziy" emas, "O'rta" Osiyo edik) xalqlari yig'inida Stalindan tortib, Molotovgacha hammasi yaktak-do'ppi kiyib, biznikilarni kutib olgan ekan.

Darhaqiqat, tarixni o'rganish ajoyib narsa.

Kino qanday bo'lishi kerak?

Kino haqida do'stlar bilan suhbatlashganda, ko'pincha bir mavzu ustida tortishib qolamiz. Ba'zi tanishlarim men filmlar haqida gapirganimda "Qo'ysang-chi shu qayg'uli kinolaringni, hayot shusiz ham og'ir," deyishadi. Mening kinodagi didim shunaqaroq - dard bo'lmasa, san'at bo'lmaydi, deydiganlardanman.

Lekin bu fikrga qo'shilmaydiganlar talaygina. "Kinoni dam olish uchun ko'rish kerak, kino kayfiyatni ko'tarishi kerak," deb fikrlaydigan odamlarni juda ko'p uchrataman. Qizig'i shundaki, ularning aksariyati - vatandoshlar.

Siz nima deb o'ylaysiz? Balki bizda (ya'ni, bizning avlod O'zbekistonliklari orasida) ko'pchilik shunday deb o'ylagani uchun ham komediya janri mashhurdir? Bir sanab ko'rish kerak, erinmasdan, bizda ishlanadigan kinolarning necha foizini "jiddiy" filmlarga qo'shsa bo'ladi. Aniq bilmayman, lekin bu foiz juda baland bo'lmasligi aniq. Shuning uchun bo'lsa kerak, eng yaxshi kinolar orasiga "Parizod"ga o'xshagan, odamlarni fikrlashga undaydigan filmlar tushmaydi, ular haqida hech kim eslamaydi ham.

Friday 15 March 2013

Derazalardagi chiroqlar

Velosipedim buzilganidan beri, universitet bilan uyim orasidagi yo'lni piyoda bosib o'tayapman. Velosipedga o'rgangan odamman - boshida yayov yurish qiyin bo'ldi. Vaqt ketadi, uning ustiga yelkadagi xurjun (to'g'ri yozdimmi?) yarim soat ichida anchagina azob beradi. Lekin oradan biroz vaqt o'tib, ko'nikdim - bunday o'ylab qarasam, velosipedda 10 daqiqada boradigan joyim uchun 20 daqiqa yurishim kerak bo'larkan. Ko'proq vaqt ketishini aytmaganda, yurishning afzalliklari ko'p ekan. Masalan, yuraverib o'rganib qolgan yo'lda ketaverib, juda ko'p narsalarni o'ylab olsa bo'ladi. Men asosan ilmiy ishimning keyingi boshqichini, kecha o'qigan narsalarimni, o'sha kuni qilinishi kerak bo'lgan ishlarni, anchadan beri yozilmay turgan xatlarni birma-bir eslab chiqaman. Yana bitta juda yaxshi tomoni: telefonda gaplashib olish imkoni bo'ladi. Velosipedda yurib, gaplashib bo'lmaydi - bu yerlarning yo'llari Yaponiyadagi kabi emas, xavfli. Piyoda yurib, manzilga yetguncha kamida 2-3 kishiga qo'ng'iroq qilib ulguraman.

Lekin piyoda yurishning eng ajoyib tarafi - kechqurun derazalarda yonadigan chiroqlar, bir soniya ichida uy ichkarisida ko'rinib ketadigan narsalar, odamlar. Men birovlarning derazasiga ataylab qaramayman, ularni kuzatmayman. Shunchaki, uy yonidan o'tayotib, to'xtamasdan, sekinlamasdan, bir nazar tashlayman. Lekin ana shu bir-ikki soniya ichida juda ko'p narsalarni ko'rib, ba'zi bir uylarni esa yaxshi eslab qolishga ulgurdim. Odam har kuni bir vaqtda, bir yo'ldan yuraversa, o'zi xohlamasa-da juda ko'p yangi narsalarni o'rganar ekan.

Kembridjdagi uylarning aksariyati kitoblar bilan to'la ekan. Toshkent uylari yonidan o'tib, yonib turgan televizor, yoki devorga osilgan gilamni ko'rsangiz, bu yerda kitob javoniga ko'zingiz tushadi.

Uyim bilan universitet orasida joylashgan park yonidagi qator uylarning biridagi derazada hamisha o'zimga o'xshagan bir talaba yoki doktorant kompyuterida bir nimalar yozib o'tiradi. Uning yonida hamisha oq chinnidan qilingan choy chashkasi turadi, baland o'qish chirog'i kechqurunlari yoniq, kunduzi esa o'chgan bo'ladi. Kichkina ko'chalarning birida bir uy bor - ko'chaga qaragan katta derazasining pardalari hech qachon tutilmaydi - uy egasi xuddi "mana, ko'ringlar meni uyimni," degandek. Bir necha marta uy yonidan o'tib, xonada hech kimni ko'rmagach, hayron qolardim. Keyin bir kuni derazaga teskari kursida gazeta o'qib o'tirgan qariya bir ayolga ko'zim tushdi. Shundan beri qachon kunduzi o'tsam, o'sha ayol derazadan tushayotgan quyosh nurida yo kitob, yo bir gazetani o'qib o'tirgan bo'ladi. Xuddi o'sha ko'chaning yuqorirog'idagi bir uyda esa, kechqurunlari qaytganimda televizor oldida stul qo'yib, tomosha qilib o'tirgan qariyaga ko'zim tushadi. Bir narsaga hayronman - xonasi juda yaxshi bezatilgan, uyining tashqi ko'rinishi ham yomon emas, lekin nima uchun bu qariya har doim oddiy stulda o'tirib televizor ko'radi? Divan olishni xohlamasmikan? deb o'ylayman.

Saturday 23 February 2013



Yoshligimni, talabalik yillarimni yodga olganimda, Sevara Nazarxon ijodini eslayman. Bundan o'n yilcha muqaddamgi Toshkentni, yotoqxonada kassetali magnitofonda uning qo'shiqlarini tinglab dars qilganlarimni eslayman. Yoshlikda odamning qo'shiqqa, san'atga ta'sirchanligi yuqori bo'ladi, o'rta yoshga yaqinlashavergach paydo bo'ladigan ishonchsizlik ("scepticism" so'zining o'zbekchasini qidirib topolmadim) hali rivojlanib ulgurmagan bo'ladi. Yoshlikda odam qo'shiqlar, filmlar yoki boshqa san'at asarlarini tayyor qoliplarga asoslanib emas, qanday bo'lsa, shundayligicha qabul qila oladi. Shuning uchun bo'lsa kerak, oradan o'n yil o'tib, hali ham Sevaraning qo'shiqlarini eshitaman. Sevaraning qo'shiqlari yoshligimizning, hayotimizning saundtreklari bo'lib qolgan.

Lekin Sevaraning qo'shiqlarini haligacha eshitishimning yagona sababi yoshlikdagi ta'sirchanlik emas, albatta. O'sha davrda eshitganimiz qanchadan-qancha qo'shiqchilar, ularning yengil-yelpi qo'shiqlari esimizdan chiqib ketdi. Undan beri o'nlab, balki yuzlab men ismini eslab qololmaydigan, ovozini boshqalarnikidan ajrata olmaydigan "qo'shiqchilar" paydo bo'ldi, sahnadan ketdi. Lekin men hali-hanuz Sevaraning qo'shiqlarini eshitaman, she'rlarini so'zma-so'z bilaman. Hali-hanuz Sevaraning ovozidan entikib ketish darajasiga yetaman, ba'zan.

Bu yozuvni nimaga yozayapman? Sevaraning o'zbekcha qo'shiq aytmay qo'ygani haqida yozmoqchiman. Sevara qachon oxirgi marta o'zbekcha yangi qo'shiq aytdi? Men aniq eslolmayman, lekin kamida 4-5 yil bo'lgandir? Balki yozgandir, lekin omma orasida tarqalgani yo'q. Ammo Sevaraning qo'shiqlari odatda omma orasida tez tarqaladi. Odamlar ularni kutib yashaydi.

To'g'ri, Sevara hozir dunyo miqyosidagi qo'shiqchiga aylandi. U ingliz, rus va boshqa tillarda qo'shiq aytayapti, o'zini yangi sahnalarda, shahar va davlatlarda tanitayapti. O'zbekistonlik qo'shiqchi sifatida odamlarning mehrini qozonayapti. Unga "siz buni aytmang, buni ayting," yoki "ruscha aytib nima qilasiz, o'zbekchadan qolmang" deyishga haqqim ham, istagim ham yo'q. San'atkor o'zi xohlagan tilda, xohlagan mavzuda ijod qilishi kerak. San'atning san'atligi ham shunda, aslida. Lekin uning haqiqiy muxlisi sifatida, men Sevaraning birinchi navbatda o'zbekcha qo'shiq aytishini xohlagan bo'lardim. Millatchilikka da'vo qilmasdan shuni ayta olaman: o'zbekcha qo'shiq xuddi qon-qonimga singib ketgan narsadek, menga boshqacha ta'sir o'tkazadi. Sevarani o'zbekcha qo'shiqlari uchun yoqtirgan muxlis sifatida, uning o'zbekcha qo'shiqlarini kutaman. Balki ruschada yaxshi kuylayotgandir, lekin jahon miqyosiga ko'tarilib bo'lgan qo'shiqchining Rossiyaga bunchalik intilishini tushunolmayman.

Amerika - sehrli diyor

O'tgan hafta 5 kun davomida Amerika safarida bo'ldim. Bu besh kun ichida juda ko'p narsalarni kuzatdim, lekin birinchi eng muhim kuzatuvim - Angliyaga qaraganda, Amerikada hayot ham osonroq, imkoniyatlar ham talaygina. Asta-sekin botqoqqa botib borayotgan Yevropadan Amerikaga borgan odam u yerliklarning qanchalik uddaburon va ayni paytda ancha xotirjam ekanliklariga ajablansa kerak. Hozirda Britaniyaning Yevropa davlatlari ichida nisbatan ilgari ekanini (asosan iqtisodiy tomondan, ish o'rinlari masalasida) hisobga olsak, Amerikaning butunlay boshqa sayyora ekaniga ishonch hosil qilish qiyin emas. Albatta, u yerda ham o'ziga yarasha muammolar yetarli. Lekin hozirda Angliyada hukm surayotgan pessimizm ("badbinlik" so'zini ishlatgim kelmadi) cheksiz-chegarasizdek tuyulayapti menga. Har bir yirik gazetaning bosh sahifasi "Yana uch yil qiynalamiz," "Inqiroq hali beri tugamaydi," "Issiqlik va elektr energiyasi yanada qimmatlaydi," "Ishsizlik ortib bormoqda," qabilidagi sarlavhalar bilan chiqayotgan davlatda odamlarda kelajakka umid sekin so'nib borayapti. Amerikada esa bu haqda ko'p o'ylashmaydi, o'ylashsayam, gapirishmaydi, shekilli. Balkim adashayotgandirman, lekin shularni his qildim. Hatto safarimning birinchi kunida charaqlab chiqqan quyosh ham ingliz havosining ortda qolganidan so'zlayotgandek tuyuldi...

Tuesday 29 January 2013

Angliyaning shamoli

Anchadan beri ushbu blogga nomini bergan Angliya shamoli qanchalik kuchli ekani haqida yozmoqchi bo'laman-u, har doim esimdan chiqib ketadi. Har gal kuchli shamol meni uchiray deganda, esimga tushadi.

Bu yerning shamoli (ayniqsa Kembrijniki) kuchliki, velosipedda ketayotgan, og'irligi 85 kg bo'lgan odamning harakatiga yaxshigina ta'sir o'tkazadi. Agar shamol bilan bir yo'nalishda ketayotgan bo'lsangiz, shamol orqangizdan xuddi yelkanli kemani undagan kabi, yordamlashib boradi. Lekin shamolga teskari yo'nalishda harakatlanayotgan bo'lsangiz, unda o'zingizdan ko'ring. To'xtatib tashlashi ham mumkin! Mana bugun, qiyaligi 30-35 darajali burchak atrofida bo'lgan balandlikdan velosipedimda tushib ketayotganimda, bu narsani yaqqol tushundim. Odatda bu balandlikdan tushayotganimda ortiqcha ehtiyotkorlik bilan, tormozni ishlatib tushaman. Chunki tormozsiz tushilsa, oxirrog'iga kelib tezlik shunchalik oshib ketadiki, mabodo qizil yonib qoladigan bo'lsa, to'xtash amri mahol. Lekin bugun, tormozni ishlatmasam da, shamol meni to'xtatib qo'yishiga oz qoldi.

Bunday kuchli shamol uyga kirganingizdan keyin ham sizni tinch qo'ymaydi. Katta kuch bilan kelib derazaga urilganida, oynalar qaltirab ketadi. Shamolli kechalarda tashqaridan "uuvvvvvv" degan tovush tinmasdan kelib turadi.

Teskari bo'lib qolgan soyabonlar, to'satdan ko'tarilib ketib, egasini sharmanda qilgan yubkalar, yarim soat pardozdan keyin dabdalasi chiqqan soch turmaklari haqida-ku gapirmasam ham bo'lar :)