Thursday 28 March 2013

Yana Angliyaning havosi haqida


London metrosida yaqinda bo'ladigan qattiq sovuq haqidagi ogohlantirish

Angliyada o'tkazgan har yilim ob-havo nuqtai-nazaridan yangi bir rekord o'rnatilgan yil bo'ladi. Bu yerga ilk kelgan yilim - 2006 yil yozi oxirgi 100 yil ichidagi eng issiq yoz bo'lgandi. O'zbekistonda tug'ilib o'sgan odam uchun u yoz unchalik og'ir bo'lmasa-da (lekin juda dim bo'lgandi, nafas olish qiyin edi), Angliyada qariyalar, yuragi yomonlar birma-bir o'la boshlagandi o'shanda.

O'tgan yilning bahori, ayniqsa aprel oyi, oxirgi 50 yil ichida yog'ingarchiligi eng ko'p oy bo'ldi. Har qanday ko'pni ko'rgan qariya ham "e boreee" deb, ob-havoni bo'ralatib so'kdi. Ishonasizmi, yo'qmi, butun oy - o'ttiz kun - davomida, quyosh yo bir marta ko'rindi osmonda, yo ko'rinmadi. Kun ortidan tun yomg'ir yog'di, xuddi Gabriel Garsia Markesning Yolg'izlikning yuz yili romanida yillab yoqqan yomg'ir kabi. Kamida bir hafta tinmay yoqqan yomg'irni umrimda birinchi marta o'shanda ko'rdim.

Bu yilning bahori esa "oxirgi 30 yil ichidagi eng sovuq bahor" degan sharafli, tarixiy nomga sazovor bo'ldi. Toshkentda quyosh charaqlab, Tokyoda sakuralar chappar urib gullayotgan bir paytda, bu yerlarda odamlar sovuqdan qaltirab, har kuni osmondan shoshilmasdan tushayotgan qor parchalarini dekabrdagi kabi quvonch bilan emas, balki ich-ichidan so'kib kutib olishayapti.

O'ylab qoldim - o'zi har yili shunday bir rekord o'rnatiladimi, yo faqat men bu yerda bo'lgan yillardami? :)

Wednesday 20 March 2013

Do'ppi kiygan Stalin

Beqasam yaktak, do'ppi kiygan Iosif Stalinning rasmini ko'rdim, desam ishonasizlarmi? Balkim oralaringizda bu rasmlarni ko'rganlar bordir?

Bugun kitob do'konida sobiq Ittifoq tarixidan rasmlar jamlangan bir kitobni varaqlayotib, Moskvada O'rta Osiyo (o'sha paytlarda "Markaziy" emas, "O'rta" Osiyo edik) xalqlari yig'inida Stalindan tortib, Molotovgacha hammasi yaktak-do'ppi kiyib, biznikilarni kutib olgan ekan.

Darhaqiqat, tarixni o'rganish ajoyib narsa.

Kino qanday bo'lishi kerak?

Kino haqida do'stlar bilan suhbatlashganda, ko'pincha bir mavzu ustida tortishib qolamiz. Ba'zi tanishlarim men filmlar haqida gapirganimda "Qo'ysang-chi shu qayg'uli kinolaringni, hayot shusiz ham og'ir," deyishadi. Mening kinodagi didim shunaqaroq - dard bo'lmasa, san'at bo'lmaydi, deydiganlardanman.

Lekin bu fikrga qo'shilmaydiganlar talaygina. "Kinoni dam olish uchun ko'rish kerak, kino kayfiyatni ko'tarishi kerak," deb fikrlaydigan odamlarni juda ko'p uchrataman. Qizig'i shundaki, ularning aksariyati - vatandoshlar.

Siz nima deb o'ylaysiz? Balki bizda (ya'ni, bizning avlod O'zbekistonliklari orasida) ko'pchilik shunday deb o'ylagani uchun ham komediya janri mashhurdir? Bir sanab ko'rish kerak, erinmasdan, bizda ishlanadigan kinolarning necha foizini "jiddiy" filmlarga qo'shsa bo'ladi. Aniq bilmayman, lekin bu foiz juda baland bo'lmasligi aniq. Shuning uchun bo'lsa kerak, eng yaxshi kinolar orasiga "Parizod"ga o'xshagan, odamlarni fikrlashga undaydigan filmlar tushmaydi, ular haqida hech kim eslamaydi ham.

Friday 15 March 2013

Derazalardagi chiroqlar

Velosipedim buzilganidan beri, universitet bilan uyim orasidagi yo'lni piyoda bosib o'tayapman. Velosipedga o'rgangan odamman - boshida yayov yurish qiyin bo'ldi. Vaqt ketadi, uning ustiga yelkadagi xurjun (to'g'ri yozdimmi?) yarim soat ichida anchagina azob beradi. Lekin oradan biroz vaqt o'tib, ko'nikdim - bunday o'ylab qarasam, velosipedda 10 daqiqada boradigan joyim uchun 20 daqiqa yurishim kerak bo'larkan. Ko'proq vaqt ketishini aytmaganda, yurishning afzalliklari ko'p ekan. Masalan, yuraverib o'rganib qolgan yo'lda ketaverib, juda ko'p narsalarni o'ylab olsa bo'ladi. Men asosan ilmiy ishimning keyingi boshqichini, kecha o'qigan narsalarimni, o'sha kuni qilinishi kerak bo'lgan ishlarni, anchadan beri yozilmay turgan xatlarni birma-bir eslab chiqaman. Yana bitta juda yaxshi tomoni: telefonda gaplashib olish imkoni bo'ladi. Velosipedda yurib, gaplashib bo'lmaydi - bu yerlarning yo'llari Yaponiyadagi kabi emas, xavfli. Piyoda yurib, manzilga yetguncha kamida 2-3 kishiga qo'ng'iroq qilib ulguraman.

Lekin piyoda yurishning eng ajoyib tarafi - kechqurun derazalarda yonadigan chiroqlar, bir soniya ichida uy ichkarisida ko'rinib ketadigan narsalar, odamlar. Men birovlarning derazasiga ataylab qaramayman, ularni kuzatmayman. Shunchaki, uy yonidan o'tayotib, to'xtamasdan, sekinlamasdan, bir nazar tashlayman. Lekin ana shu bir-ikki soniya ichida juda ko'p narsalarni ko'rib, ba'zi bir uylarni esa yaxshi eslab qolishga ulgurdim. Odam har kuni bir vaqtda, bir yo'ldan yuraversa, o'zi xohlamasa-da juda ko'p yangi narsalarni o'rganar ekan.

Kembridjdagi uylarning aksariyati kitoblar bilan to'la ekan. Toshkent uylari yonidan o'tib, yonib turgan televizor, yoki devorga osilgan gilamni ko'rsangiz, bu yerda kitob javoniga ko'zingiz tushadi.

Uyim bilan universitet orasida joylashgan park yonidagi qator uylarning biridagi derazada hamisha o'zimga o'xshagan bir talaba yoki doktorant kompyuterida bir nimalar yozib o'tiradi. Uning yonida hamisha oq chinnidan qilingan choy chashkasi turadi, baland o'qish chirog'i kechqurunlari yoniq, kunduzi esa o'chgan bo'ladi. Kichkina ko'chalarning birida bir uy bor - ko'chaga qaragan katta derazasining pardalari hech qachon tutilmaydi - uy egasi xuddi "mana, ko'ringlar meni uyimni," degandek. Bir necha marta uy yonidan o'tib, xonada hech kimni ko'rmagach, hayron qolardim. Keyin bir kuni derazaga teskari kursida gazeta o'qib o'tirgan qariya bir ayolga ko'zim tushdi. Shundan beri qachon kunduzi o'tsam, o'sha ayol derazadan tushayotgan quyosh nurida yo kitob, yo bir gazetani o'qib o'tirgan bo'ladi. Xuddi o'sha ko'chaning yuqorirog'idagi bir uyda esa, kechqurunlari qaytganimda televizor oldida stul qo'yib, tomosha qilib o'tirgan qariyaga ko'zim tushadi. Bir narsaga hayronman - xonasi juda yaxshi bezatilgan, uyining tashqi ko'rinishi ham yomon emas, lekin nima uchun bu qariya har doim oddiy stulda o'tirib televizor ko'radi? Divan olishni xohlamasmikan? deb o'ylayman.