Sunday 10 January 2016

Yozuvchi Robert Makfarlen bilan uchrashuvim haqida

Bu uchrashuvga ikki oydan oshdi, yozishga shu kungacha qo'lim tegmadi, lekin hechdan ko'ra kech: 

Robert Makfarlen (Macfarlane) ismini ilk bor 2014 yilning boshida, uning Intelligent Life jurnalida chop qilingan bir maqolasini o'qib, eslab qolganman. O'shanda bu jurnalni iPadda tekinga o'qisa bo'lardi (adashmasam, hozir ham mumkin); The Economist ning "singlisi" bo'lgani uchun, sifati undan qolishmaydigan, turli-tuman qiziqarli mavzularda maqolalar ko'p chiqadi. Yozuvchining ismiga ahamiyat bermasdan, Marsda joylashgan, balandligi yigirma ikki kilometrlik bir tog' haqidagi maqolani o'qiy boshladim. O'qib tugatgach, biroz hayrat bilan yozuvchining ismini qidirdim. Maqola ajoyib yengillik bilan o'qildi: kim yozgan bo'lsayam, tilning ustasi ekanligi shunday ko'rinib turardi.

Muallifning Robert Makfarlen ekanini, uning ustiga u mening universitetimda dars berishini bilganimdan keyin, unga qiziqib qoldim. Kitob do'koniga keyingi borishimda, uning Yovvoyi joylar (The Wild Places) kitobini sotib oldim va, birinchi betini o'qib tugatmasimdan yana o'sha tanish tuyg'uni his qildim. Sahifadagi yozuv meni huddi gipnoz qilayotganday bo'ldi: bir qarashdan juda oddiy, lekin nihoyatda teran gaplar, ajoyib qiyoslar, vaziyatga juda uyg'un ta'riflar. Matn shunchalik tiniq yozilgan edi-ki, ko'z oldimda turli tuman sahnalar gavdalanar, yozuvchi ko'zi bilan ko'rgan, oyog'i bilan bosgan yerlarda bo'lmagan bo'lsam-da, ularni aniq tasavvur qila olardim.