Monday 9 January 2012

Kitoblar haqida



Har kitob do'koniga kirganimda bir kitob ko'tarib chiqmaslik uchun o'zimni tutishga harakat qilaman. Har doim ham uddasida chiqa olmayman:) Chunki (yaxshi) kitob shunchalik ko'pki, boshqa ish qilmay ertalabdan kechgacha o'qisayam, tugatish imkonsiz! Shu sababdan, o'zim hurmat qilgan adabiy gazetalarda (LRB, NYRB va TLS, Economistning adabiyot va san'at sahifalari va blogi) maqtalgan asarlarni ipga tizganday xotiramda yig'ib boraman, kitob do'konida esa ularni varaqlab ko'raman. Birinchi uch qator yoki sahifadayoq qayerda turganimni unutib, kitobning "ichiga" kirib ketolsam, albatta sotib olaman. Shu yo'l bilan o'zim uchun sevimli yozuvchilarni kashf qilganman (Paul Auster, Orhan Pamuk, Haruki Murakami va hk.). Yana bir tanlash usuli - didiga ishonganim insonlarning tavsiyasi. Ko'pincha tavsiya qilgan odam kitobniyam berib turadi o'qishga :)

Rasmdagi o'ng tomondagi kitob - oxirgi o'qib tugatgan romanim. Maroq bilan o'qib chiqdim. Kitob haqida 1 yil davomida eshitib, o'qib, oxiri Londonga bir borganimda sotib olgandim, avtobusda o'qish uchun. Bu yozuvchining yozish usuli (uslubi emas, usuli) to'g'risida qaysidir gazetada o'qigandim ham: bo'mbo'sh xonada bitta yozuv mashinkasi va uyum-uyum qog'oz bilan yuzma-yuz, tarki dunyo qilib yozar ekan kitoblarini. Xullas, bir necha oy davomida bu kitobni o'ylab yurib, olib, o'qib chiqdim va menga juda yoqdi. Bu kitobda hamma narsa bor: hayot qiyinchiliklari, ota-o'g'il munosabatlari, sevgi, rashk, atrof-muhit haqida qayg'urish...xullas, juda ko'p mavzular, lekin ajoyib til bilan yozilgan. Dunyoga kulimsirab qaragan holda yozilgan kitob degan bo'lardim, chunki hatto qiyin mavzular ta'riflangan sahifalarda ham albatta jilmayasiz, hech bo'lmaganda befarq qolmaysiz. Yozuvchining tasavvur kuchi deb shuni aytishsa kerak.

Chapdagi kitob, aniqrog'i muallif bilan tanishuvimiz esa kamida 5-6 yil oldin boshlangan. Talabalik paytlarimda Pynchonni adabiyot bo'yicha Nobel mukofotiga har yili da'vogar bo'lishi haqida qayerdadir o'qib, qiziqib qolgandim. Universitet kutubxonasidan borib qo'limga tushgan birinchi kitobini olib, o'qishni boshlaganman. Uning kitoblari esa hajm bo'yicha Dostoyevsky asarlaridan qolishmaydi: har kitobi bir g'ishtday keladi. O'shanda 5-6 betcha "kirolganman" kitobning ichiga - undan uyog'iga taslim bo'lishga majbur bo'lganman. Birinchidan, ingliz tilini ip qilib eshvoradigan yozuvchilardan - boshqa tillarga eng qiyin tarjima qilinadigan yozuvchi degan "sharafga" ham ega Pynchon. Uning ustiga, kitobda hikoya qilingan voqea va personajni to'liq his qilolmaganim uchunmi, "e bor-e" deganman. Odatda, bunday hollarda o'zimni majbur qilib bo'lsayam, kitobni oxirigacha o'qib chiqaman, lekin yana kamida 500 bet ana shunday "kurash" ichida o'tishini tasavvur qilib, kitobni jimgina kutubxonaga topshirib yuborgandim.

Bugun esa boshqa romanini - buyam ingichka emas, naq 900 bet - ko'rdim-u, shartta sotib oldim. Qanday qilib bo'lmasin, o'qib chiqaman, deb qaror qildim. Hech bo'lmaganda uyqusiz kechalarda miyani "charchatishga" yarab qolar, deb umid qilayapman :).

Sizchi, sizning oxirgi o'qib chiqqan kitobingiz qaysi?

11 comments:

  1. Каминани рус классикасини қайта ўқиш билан банд :) Гоголнинг "Ўлик жонлар"и...

    ReplyDelete
  2. Uyat bo‘lsa-da, anchadan beri biror kitob o‘qiganim yo‘q. Agar yakshanba kuni "Shum bola"ni bir o‘tirishda o‘qib chiqqanimni hisobga olmasa (mazza qildim, ochig‘i).

    Jahon adabiyotidan oxirgi o‘qiganim, yozda, "1984" bo‘lgandi. Shundan beri har narsadan "katta og‘a"ning izini qidiradigan bo‘lib, shubhalanishim kuchayib qolgan. :) Hali aqlim yetadimi-yo‘qmi, bilmadimu, Murakamining "1Q84"iga, Oruelldan keyin qiziqish katta. Aytganimdek, hech narsa o‘qiyotganim yo‘q lekin. Franzenning "Tuzatishlari" (shunday tarjima to‘g‘ri bo‘lar?) elektron versiyasi ikki yilmi avval kompyuterdan joy olgan, ammo 30-betdan nariga o‘tilmagan... :(

    Kitob do‘konlariga kirganingizdagi holatingiz menga tanish. Baxtga qarshi, Toshkentda kitob do‘konlari, rastalari ko‘p emas. Lekin shularning o‘zi-da pulim borida cho‘ntagim quruq qolishi uchun yetarlicha xizmat qiladi. :)

    ReplyDelete
  3. oxirgi o'qigan kitobim Teador Dreyzerning "Finansist" kitobi. Bu kitobni o'qituvchim maqtagan. Manam o'zimcha "geroylik" qilib ingliz tilidigisini o'qimoqchi bo'lganidim. Qatta 4 ta so'zdan 3 tasini lug'atan qarab baribir hich nima tushunmadim. Keyin tinchkina kitob rastasida rus tilidigisini sotib oldim. Maqtagan odami etganicha borakan.
    Bugun Den Brownning "Kod da Vinchi"sini sotib oldim. Buni bir og'yanim maqtagan.

    ReplyDelete
  4. Yusufbek, klassikani o'qish hech qachon "moda"dan qolmaydi :)

    ReplyDelete
  5. Muhrim, siz uyalmasangiz ham bo'ladi :) Chunki internetda boshqa qiziq narsalarni ko'p o'qiysiz, hamma narsadan xabardorsiz.

    1Q84 men Yaponiyadaligimda endigina bosuvdan chiqqan edi, kitob do'konlarida qolmay qolguncha sotilgani haqida o'qigandim. Murakami (Haruki, lekin aslida ikkala Murakami ham) rostdan ham Yaponiyada juda mashhur, kitoblari har doim qo'lma-qo'l. Men ham deyarli hamma kitobini o'qib chiqqanman, faqat endi yangi kitobini o'zimcha yaponchada o'qiyman deb niyat qilayapman. Bilmadim, menimcha uddasidan chiqolmasam kerak, inglizchasini o'qib qo'ya qolaman. Siz "aqlim yetadimi-yo'qmi" demang, chunki Murakamini bilasizku, juda oson yozadi, bir nafasda o'qiladi. Bu kitobiyam bundan mustasno bo'lmasa kerak:)

    "Tuzatishlar" ni men ham o'qib chiqmoqchiman. Cambridge shahar kutubxonasida bor ekan, albatta o'qib chiqaman. Aslida "Franzenni Franzen qilgan" kitob ana shu, Freedom - eng oxirgi kitobi, lekin menga juda yoqdi, shu sababdan "Corrections" undan da ko'proq yoqadi, deb o'ylayapman.

    ReplyDelete
  6. Mansur, Da Vinci Code yaxshi kitob, qiziqarli, lekin uni albatta Dreiser bilan bir qatorga qo'yib bo'lmaydi, menimcha, chunki Dreiserni hozirgacha o'qishadi, lekin Brownni bundan 100 yil o'tgach o'qishadimi, yo'qmi, aytish qiyin :)

    ReplyDelete
  7. Bu postga javob yozmasdan ilojim bo'lmadi, (kech bo'lsa ham). Chunki, shu kunlarda men o'qiyotgan asarimning kuchli ta'sirida yuribman. Jorj Sandning "qalam"i bilan endi tanishdim. "Konsuelo"sini o'qib tugatdimda, bu asarning davomi bo'lmish "Grafinya Rudolshtadt"ni o'sha zaxotiyoq o'qishni boshlamaslikning iloji bo'lmadi! Asar qaxramoni Konsuelo meni lol qoldirayabdi. Men doim o'qiyotgan asarim o'zimga judayam yoqayotgan bo'lsa, atrofimdagilargayam "agitatsiya" qilgim keladi. Hozir ham, deyarli, bir kunim yo'qki, Konsuelo haqida kimgadur to'lib-toshib gapirmayotgan bo'lsam))
    O'ylab qarasam, menga ko'proq ayol yozuvchilarning "qalam"i yaqinroq ekan. Mening eng sevimli asarim deb ataydigan "So'na" ham, "Shamollarda qolgan hislarim" "Skarlet" ham ayol yozuvchilarning qalamiga mansub.
    Umuman olganda, men hozircha klassikadan chetlashgim yo'q!

    ReplyDelete
    Replies
    1. Ajoyib javobingiz uchun rahmat! Kitob 'agitatsiyasi' bilan men ham shug'ullanib turaman, siz esa klassika o'qirkansiz, bu hurmatga sazovor. Ayol yozuvchilarning asarlarini uncha yaxshi bilmayman, lekin Virginia Woolf, Sylvia Plath va Alice Walker yozgan romanlarni o'qish niyatim bor, hind yozuvchisi Arundhati Royning "Kichkina narsalar xudosi" kitobi juda yoqqan.

      Delete
  8. DAEMON Tools Ultra Crack is one of the most powerful virtual disc emulation software in the world that allows you to create virtual drives, mount and unmount images.
    Photopia Director Crack
    iMazing Crack
    Webharvy Crack

    ReplyDelete
  9. Wow, amazing block structure! How long
    Have you written a blog before? Working on a blog seems easy.
    The overview of your website is pretty good, not to mention what it does.
    In the content!
    vstpatch.net
    MAGIX SOUND FORGE Pro Crack
    Ultrasonic Future Bass Crack
    Delay Lama Vst Plugin Crack
    Guitar Rig Pro Crack
    Melodyne Pro Crack

    ReplyDelete