Thursday 26 January 2012

O'zbek o'zbekni uzoqdan taniydimi?

Bugun yuz bergan kutilmagan va qiziq tasodif haqida yozmoqchiman. Kembrijning "restoran" nomiga da'vogar "pub"laridan birida bir guruh do'stlar bilan o'tirgandim, yoshi mendan 5-6 yosh katta bir aka yonimga kelib, mulozamat bilan toza inglizchada qayerdanligimni so'radi. O'zbekistonlikman, degan javobimni eshitib, yuzlari bir lahza yorishib, tabassum qildi. Qo'limni mahkam siqib, "Assalomu alaykum, o'zim ham sizni o'zbek deb o'yladim, ko'zimga issiq ko'rindingiz," dedi. Bu yerlarga qisqa muddatli xizmat safariga kelgan ekan. Ikki og'iz gaplashdik, ko'pchilik kabi aka ham meni Farg'onalik deb o'ylabdi.

Juda yoqimli tasodif bo'ldi, lekin rostini aytsam, unchalik hayron qolganim yo'q. Chunki o'zimizning odamlarni chet elda yurganda ko'pincha osongina tanib olsa bo'ladi. Yurish-turish, kiyinish tarzi, hatto imo-ishorani nazarda tutmayapman: bu yerning xalqiga o'xshab kiyingan bo'lsa ham, o'zbekni baribir ajratib olsa bo'ladi. Menimcha bir oilaning vakillari bir-birida tushuntirib bo'lmas yaqinlik sezgani kabi, biz ham tushunarsiz iliqlik sezsak kerak bir-birimizni ko'rganimizda. Bo'lmasa bu o'lkada dunyoning ming burchagidan kelgan ming xil odam bor. O'zbeklarga juda-juda o'xshab ketadigan chehralar bor, masalan meksikaliklar, yoki Janubiy Amerika hindulari avlodlari. Lekin ularni biroz kuzatsangiz, boshqacha ekanligini bildirib qo'yadi. O'zbekni esa ozroq vaqt kuzatib bexato aniqlasa bo'ladi.

Bundan 5 yil oldin Manchesterdan Londonga borganimda, shahar avtobuslarida juda ko'p vatandoshlarni uchratardim. Birinchi qarashdanoq o'zbek, tojik, yoki boshqa Markaziy Osiyolik ekanini tahmin qilasiz. Keyin sezdirmasdan kuzatishda davom etasiz va, bir necha daqiqadan keyin, xatto gapini ilg'amasdan ishonch bilan qayerlik ekanini o'zingiz uchun aniqlab olasiz. Men bu xulosaga kelgandan keyin yaqinroq borib, ularning bir-biriga gapirishini kutib turardim. O'shanda biron marta ham adashmadim.

Bugungi uchrashuv ham bu nazariyamga yana bir isbot bo'ldi :)

5 comments:

  1. Ruscha gapiradiganlar ko‘p bo‘lgan davralarga tushib qolganimda, kimdir o‘zbekcha gapirganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketadigan vaqtlarim esimga tushib ketdi.

    Savol uchun uzr-ku, lekin rostan qiziqtirdi: sizni nega, ko‘pchilik, farg‘onalik deb taxmin qiladi? :)

    ReplyDelete
  2. Muhrim, comment uchun rahmat :) Savolingizga javob berolmasam kerak: o'zim ham bilmayman. Meni shu paytgacha hayron qoldirib keladigan narsalardan bittasi.

    ReplyDelete
  3. ^) саммий, манга ёқдим...

    ReplyDelete
  4. Taniydi! :) Bir kuni Berlinda ketyapmiz, yo‘lda uchragan muzqaymoq sotuvchisi ko‘zimga issiq ko‘rindi. O‘zim so‘rashga uyalganim uchun, hamrohimdan nemis tilida qayerlik ekanligini so‘rab ko‘rishni so‘radim. Hamrohim: "Kechirasiz, siz O‘rta Osiyolik emasmisiz?", deb so‘radi. Sotuvchi: "Ha", dedi. Hamrohim: "Mabodo O‘zbekistonlik emasmisiz?", dedi. Sotuvchi ham: "Ha, O‘zbekistonlikman", deb qoldi.

    Xursand bo‘lib, davomiga o‘zim gaplashib ketdim :)

    O‘rta Osiyolik yuzlarni darrov taniyman...

    ReplyDelete
  5. folder lock crack download
    Folder Lock Crack was produced by New Softwares.net to help users preserve and hide their personal data from strangers. Due to its excellent functionality, Folder Lock has received many awards on the world stage. For convenience, it has a multilingual user interface that can be accessed easily. Now you can easily protect, encrypt and destroy files with one click and you no longer have to worry about someone stealing them.

    ReplyDelete