Sunday 8 January 2012

Yangi yilni kutib olganim haqida



Yangi yilni qanday kutib olsang, uni shunday o'tkazasan, degan gap bor. Ushbu naqlni eslab, yuqoridagi ajoyib videoni ko'rib, bu bola 2012-yilni rang-barang va porloq shaklda o'tkazadi, deb o'ylayotgan bo'lsangiz kerak. Rostini aytsam, men ham shuni xohlagan bo'lardim. Lekin aslida qanday bo'lgani haqida qisqacha yozmoqchiman.

Kembridj talabalar bilan to'la, kichkina joy bo'lgani uchun, Christmas ta'tili boshlanishi bilan ko'chalariga suv quyganday jimjitlik cho'kadi. Shu sababdan, yangi yilni bunday joyda kutishni unchalik ham xohlamay turgandimki (uni ustiga, oilasi yonida bo'lmagandan keyin odamga yangi yil ham uncha tatimaydi), bir guruh do'stlar Londonga borish taklifi bilan chiqib qoldi. Jon-jon deb rozi bo'ldim.

Poytaxtga poyezdda boradigan bo'ldik. Men Manchester davrlarimda Londonga poyezdda 2-3 marta borgandim, lekin bu davlatda avtobus har doim poyezddan arzon bo'lgani uchun, hali Kembridj-London orasida poyezdda yurib ko'rmagandim. Lekin bularning temir yo'l kompaniyasining qiziq chegirmalari bor ekan: 4 kishi bo'lib borsangiz, bilet yarim narxidan ham pastroqqa sotilar ekan. Shunday qilib, 31 dekabr kechqurun 5 yarimdagi poyezdda 6 kishi bo'lib Londondagi King's Cross vokzaliga qarab yo'l oldik va 1 soat o'tar-o'tmas u yerga yetib bordik. Poyezd vokzalga yetib borishiga oz qolganda Arsenalning Emirates stadioning shunday biqinidan o'tib ketdi (Arsenal muxlislari bormi o'quvchilar orasida? Gap orasida aytib o'tay, men Arsenal muxlisi emasman:).

Bir necha soat ko'cha aylanib va kechki ovqatni yeb olgandan keyin, do'stlar bilan Temza daryosi bo'yiga borishga qaror qildik. Yangi yil kirib kelishiga 2 soatdan ko'proq vaqt bor edi (O'zbekistonda esa o'sha paytda 2012 yil allaqachon kirib kelgandi), lekin odam ko'p bo'lishini hisobga olib, ertaroq chiqishga qaror qildik. O'sha kuni qaysidir gazetada mushakbozlikni tomosha qilish uchun 250 ming odam ko'chaga chiqishi taxmin qilinayotgani haqida o'qigandim. 250 ming odam-a! 3 ta liq to'la Old Trafford stadionini tasavvur qilishga harakat qildim, lekin uddasidan chiqolmadim.

Metroning Embankment stansiyasidan chiqib, minglab odamni ko'rganimdan keyin, erta chiqib yaxshi qilganimizni tushundim. Ko'cha to'la odam edi, keng ko'chani to'ldirib ketayotgan odamlar bir-birlarining yelkalariga tegib ketishayotgandi. Kap-katta odamlar bir-birimizni yo'qotib qo'ymaslik uchun qo'l ushlashib oldik (bir marta yo'qotib qo'ydik ham - yaxshiyam uyali aloqa bor). Ustunlarga katta qilib "Mushakbozlik buyoqda bo'ladi" deb yozilgan e'lonlar osib qo'yilgan, yo'l chetlarida politsiyachilar jamoat tartibini saqlab turishibdi. Yerda siniq shishalar ko'p - har doim chiqindini qutiga tashlab o'rgangan odamlar ham shuncha odamning ichida o'zini erkin his qilib naq ko'chaning o'rtasiga tashlab yurishibdi. Pivo shishasini yerga chil-chil sindirgan yosh-yalangdan bir nechtasini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Lekin umuman olganda odamlar muammo chiqarmasdan daryo bo'yiga qarab borishda davom etishdi.

Kamida yarim soat yurgandan keyin mushakbozlik bo'ladigan joyga yetib keldik. Yangi yilga hali 1 soatdan ko'proq vaqt bor edi, bir amallab o'tkazdik. Nihoyat, mushakbozlik boshlandi. Birinchi 2-3 daqiqa yaxshi ko'rindi, lekin undan keyin hammayoqni mushak tutuni qoplab, biz turgan joydan hech narsa ko'rinmay qoldi. Menimcha, shamol biz tomonga esib, hamma tutunni bizga olib kelgani uchun, eng qiziq va chiroyli mushaklarni ko'rolmay qoldik. Ertasi kuni yuqoridagi videoni ko'rib, bolalardan bittasi "yo bizning ko'zimizda bir gap bor, yo bu videoni Hollywoodda montaj qilishgan" deb qoldi :)

Mushakbozlik tugagandan keyin yana 1 soatcha piyoda yurib eng yaqindagi metro stansiyalaridan biriga tushdik va vokzalga yetib bordik. Poyezdda odam shunchalik ko'p ediki (oxirgi poyezd bo'lgani uchun), tik turib ketganlar ko'p bo'ldi. Bir nechta quvonchini ichiga sig'dirolmagan shovvozlar baralla qo'shiq aytib, baqir-chaqir qilib ketganiga qaramasdan, qotib uxlab qolibman. Poyezd Kembridjga kelganida yangi yil ham, mushakbozlik ham esimdan chiqib bo'lgan edi :).

6 comments:

  1. :)

    Politsiya shisha sindirayotganlarga qarshi hech qanday chora ko‘rmadimi, deylik, "bunday qilmanglar, ey!", degandek?

    Bunaqa narsani o‘qiganidan keyin odamni borgisi kelib qolishi yomonda. :)

    ReplyDelete
  2. Зўр "сафар очерки" бўпти... мангаям ёқди, шу битта илтимос бошланғич шрифтни сағал каттароқ қўйинг, бизга ўхшаган кўзи хиралашганларга онсон бўлсин... :)

    ReplyDelete
  3. Yusufbek, sharh uchun katta rahmat! Boshlang'ich shrift deganda nimani nazarda tutayapsiz? Sahifaning shriftini bittaga kattalashtirdim, sezildimi?

    ReplyDelete
  4. Muhrim, sindiruvchilar "mana senga" deb sindirgani yo'q, shunchaki yerga tashladi, shisha chil-chil bo'lib ketdi. Ya'ni, ko'pchilik chiqindini yerda qoldirayotgandi, buni tushunsa bo'ladi, 250 ming odamga shuncha axlat qutisini qayerdan topsin, lekin men shishalarni yerga otib yuborganlar haqida yozdim. Politsiyachilar nima deganini bilmayman, aynan o'sha payt o'sha yerda politsiyachi bo'lmagandir, yo bo'lsayam, ilg'amay qolgandir :)

    ReplyDelete
  5. Muhrim, albatta kelasiz, agar chindan shuni istasangiz.

    ReplyDelete
  6. Бу бошқа гап... раҳматс, энди бемалол ўқиса бўлади, без очки :)

    ReplyDelete