Saturday, 3 March 2012
Amitav Ghosh bilan uchrashuvim haqida
Kembridjning yaxshi tomonlaridan biri shundaki, bu yerga judayam ko'p mashhur olimlar, yozuvchilar, san'at ahli muntazam ravishda kelishadi. Har hafta universitetning qaysidir fakulteti yoki kolleji kimnidir taklif qiladi, bu uchrashuvlar ko'pincha jamoat uchun ochiq bo'lib, xohlagan odam qatnasha oladi. Nafaqat qatnasha oladi, balki o'zini qiziqtirgan savollari bilan ham murojaat qilishi mumkin. Bugun universitetga hind yozuvchisi Amitav Ghosh tashrif buyurdi va kamina uning ma'ruzasini tinglashga va undan keyin qisqa suhbat qilish sharafiga sazovor bo'ldim.
Amitav Ghosh o'ziga yarasha shuhratga ega bo'lsa-da, O'zbekistonda uni ko'pchilik bilmaydi (yozuvchilik asosiy kasbi bo'lsa-da, Ghosh AQShdagi Harvard va New Yorkning City universitetlarida 'qiyosiy adabiyot'dan dars beradi). Zamonaviy hind yozuvchisi deganda, adabiyotga qiziqadiganlar Salmon Rushdiyni, ba'zi zamondoshlar esa Rohinton Mistry yoki Arundhati Royni bilishsa ajab emas. Mening o'zim bu yozuvchi haqida 2009 yilda, uning Sea of Poppies (yuqoridagi suratdagi kitob, nomini Qizg'aldoq dengizi deb o'zbekchalashtirsa bo'ladi) nomli asari nomdor Man Booker sovriniga nomzod qilib saylanganida birinchi bor eshitganman. O'shanda Yaponiyada bo'lishimga qaramay, nimagadir ingliz tilidagi hind adabiyotiga qiziqqan davrlarim edi, menimcha Rushdiyning Yarim tun bolalari romani ta'siri ostida bo'lsa kerak. (Vaqt topib, bu hind adiblari va ularning asarlari haqida bo'lak bir narsa yozarman). Shu sababdan, Angliyaga kelib, kitob do'koniga qilgan safarlarim birida ushbu kitobni sotib olgandim. Shu kungacha u javonda mening diqqatimni kutib turgan edi, bugun esa, muallifning bizning shaharga kelishini eshitib, kitobni qo'ltiqladim-da, ma'ruza bo'ladigan Huquq fakulteti binosiga yo'l oldim.
Ghosh janoblari 'O'tmishni qalamga olish' mavzusida yana bir mashhur tarixchi bilan birgalikda qiziqarli ma'ruza qildi. Ma'ruzasini, "Bu tadbirni 'suhbat' shaklida bo'ladi, deyishganida, xursand bo'lib ketdim, chunki tadbirga tayyorlangim, bir nimalar yozgim kelmagandi. Rostini aytsam, yozishni uncha yoqtirmayman," so'zlari bilan boshlaganida, 300 kishilik xaloyiq gurillab kulib yubordi. Birgina shu hazili bilan ma'ruzachi tinglovchining ko'ngliga yo'l ola oldi, menimcha. Ghosh tarix va adabiyot haqida juda ravon va sodda so'zlar bilan, hammaga tushunarli lekin ajoyib bir shaklda qiziqarli nutq so'zladi. Tarixsiz adabiyot, adabiyotsiz esa tarix bo'lmasligi haqida, roman yozish jarayonida tarixiy manbalardan qanday foydalanishi, haftalarcha kutubxonada o'tirishi haqida gapirdi. Hammamiz ham yozuvchidan eshitishga qiziqqanimiz narsalar - yangi asarlar qanday tug'iladi, yoziladi, yozuvchi qanday qilib o'zi uchun yangi mavzularni kashf qiladi - ana shular haqida ajoyib samimiyat bilan so'zladi.
Ma'ruzadan keyin qabul marosimi bo'ldi: tadbirga kelganlar o'zlarini biroz aqlli his qilib, bir qadahdan qizil sharob olib, ma'ruza taassurotlari, adabiyot va tarixning chambarchasligi haqida chuqur fikrlari bilan o'rtoqlashish imkoniga ega bo'lishdi. Oradan ko'p o'tmay, tadbir qahramonlari kelishdi, lekin Ghoshning kelganini ko'pchilik sezmay qoldi, chunki uning bilan birga kelgan bir nechta hind yoshlari uni o'rab olib, zalning bir burchagida tinimsiz savolga tutishdi. Qabul oxirlab qolganida, kitobni qo'ltiqlab kamina ham bordim, o'zimni tanishtirib, yozuvchi bilan biroz suhbatlashgan bo'ldim. O'zbekiston, deganimda, biroz hayron qoldi, lekin ko'p o'tmay Bobur va uning ajoyib hayot hikoyasi haqida gaplashib ketdik. Hindlardan juda ko'p eshitadigan fikrni undan ham eshitdim: "Bobur butun umri davomida 'o'zbeklar'ga qarshi kurashgan, ularni yomon ko'rgan." Yana bir marta o'sha davrlarda 'o'zbek' nomi hozirgiga nisbatan ancha tor ma'noda ishlatilgani, Shayboniy o'zbek qabilalari sardori bo'lishiga qaramay, bor yo'g'i bir qism o'zbeklarning vakili bo'lgani, Bobur o'sha 'o'zbeklar'ga qarshi kurashgan bo'lsa-da, zamonaviy o'zbek tiliga asos bo'lgan Chig'atoy turkiysida asarlar yozgani, bu orqali zamonaviy o'zbek tiliga katta hissa qo'shgani haqida qisqacha so'zlab berdim. Yuzidan juda charchagani ko'rinib turgan bo'lsa-da, meni diqqat va qiziqish bilan tingladi. Uni ko'p qiynamaslik uchun (yonidagi hind talabalari charchatib bo'lishgandi), qo'limdagi kitobni unga berib, men uchun imzosini qo'yishini iltimoq qildim. "Jonim bilan," dedi, va kitobni ochib, quyidagilarni yozib berdi: "Sherzodga, eng yaxshi tilaklarim bilan. Amitav Ghosh"
Subscribe to:
Posts (Atom)