Yaponiyada kitob do'konlariga kirganimda, albatta cho'ntakbop kitoblar javonlarini ko'zdan kechiraman. Bular asosan ikki turda bo'ladi: A6 o'lchamidagi (10.5 X 14.8 santimetr) bunko shaklida ko'pincha badiiy asarlar va ommabop adabiyot chop qilinadi, undan uzunroq shinsho formatida esa "non-fiction," ya'ni badiiy bo'lmagan, ilmiy yoki ommabop asarlar chiqadi. Bundan besh yilcha oldin, eski kitoblar sotiladigan do'konlardan biriga kirganimda, sotuvdagi xilma-xillikdan biroz esankiraganim esimda. Bu hayrat biroz o'tib alamga o'xshash bir tuyg'uga o'zgardi: "Shuncha kitob, har biri ¥100 dan ($1), men esa shularning birontasini o'qiy olmayman!" Yillar o'tib, men bularni chala-chulpa o'qiydigan bo'ldim, ular men uchun Yaponiyaning ajralmas bo'lagiga aylandi. Bu kitoblarni shunchalik yaxshi ko'ramanki, boshqalarga ham ular haqida aytib bergim keladi.
Shinsho |
Cho'ntakda olib yuriladigan kitoblar Yaponiyada kashf qilinmagan, albatta; Wikipediaga ishonsak, yapon nashriyotlari bu g'oyani Germaniyaning mashhur Reclam bosma uyining rang-barang turkumlaridan olishgan. Reclam bugungi kunda ham bosuvda bo'lib, turli mavzudagi mumtoz yoki zamonaviy, badiiy yoki ommabop, nemischada yozilgan yohud tarjima qilingan asarlarni arzon narxlarda o'quvchilar orasida yoyish bilan shug'ullanadi. Bu g'oya o'tgan asr boshlarida dunyoning ko'p davlatlarida tarqalib, aholining savodxonligi oshib borishi natijasida yuzaga kelgan talabni qondirish uchun arzon, odatda bir marta o'qiladigan, yumshoq qog'oz jildli ommabop kitoblar (inglizchada "mass market paperbacks") ko'rinishida bozorga chiqa boshlagan.
Reclam |
Buyuk Britaniyaning Penguin nashriyoti rivojining tarixi ham ana shu davrga to'g'ri keladi. Tarixga ko'ra, 1935 yilda yozuvchi Agata Kristi bilan uchrashuvdan Londonga qaytayotgan Penguin asoschisi Allen Lane Angliya vokzallaridan birida zerikib qolib, "Qani edi yonimda bir kitob bo'lsa!" deb o'ylagan. O'sha paytlarda kitoblar barchasi qattiq jildli bo'lib, har biri kamida bir g'ishtdek og'ir bo'lgan, ularni poezdga olib chiqish nihoyatda noqulay bo'lgan. Cho'ntakbop kitoblarning qulayligini tushungan Lane Angliya kitob bozorida o'ziga xos inqilobni boshlagan. Uning go'yasiga ko'ra, kitoblar bir sigaret qutisi narxida vokzal yoki avtobus terminallarida sotilishi, hammabop va cho'ntakka sig'adigan bo'lishi kerak edi. Yillar o'tib, Penguin dunyoning eng yirik nashr uylaridan biriga aylandi, uning qog'oz jildli kitoblari esa hozirgi kunda xatto tamaki qimmat sotiladigan Angliyada ham kamida 2 quti sigaret narxida sotiladi (adashmasam, eng arzon Penguin kitobi £6.99 dan boshlanadi). Vaqt o'tishi bilan, cho'ntak kitoblarining nafaqat mavzu yoki yo'nalishlari, balki darajasi ham xilma-xillashib bordi. Menga juda yoqadigan turkumlardan biri, quyida rasmi keltirilgan Oksford universiteti nashriyotining "Very Short Introductions" ("Juda qisqa kirish") seriyasi bo'lib, unda odatda biron bir ilmiy va murakkab mavzu mutaxassis tomonidan hammabop tilda 150 bet atrofidagi kitobchada yoritiladi. Biron bir yangi mavzu bilan osongina, maroqli tarzda tanishishning oson yo'li. Ba'zi bir manbalarga ko'ra, ushbu turkum aynan yaponlarning shinshosidan andaza olib yaratilgan: kitoblarning o'lchami ham shinsho bilan bir xil.
Endi yaponlarga qaytsam. Ko'pchilikka ma'lum bo'lganidek, ular o'zlariga xos g'ayrat, ishtiyoq va mehnatsevarlik bilan, chetdan kelgan g'oyalarni o'zlashtirishga, ularni yanada rivojlantirishga harakat qilishadi. Cho'ntak kitoblari bunga ajoyib bir misol. Komil ishonch bilan ayta olamanki, dunyodagi boshqa bironta davlatning hamyon formatidagi kitoblar bozori mahsulot soni va xilma-xilligi bo'yicha Yaponiyanikiga tenglasha olmaydi. O'nlab nashriyotlar o'zining bunko yoki shinsho seriyalariga ega, ularning har biri turli bozori chaqqon mavzulardagi chiroyli dizayn qilingan kitoblarni bozorga tinimsiz chiqarib turadi. Shunga yarasha, talab ham bor: xoh yangi kitoblar sotiladigan bir necha qavatli kitob do'konlari, xoh o'qib bo'lingan kitoblarni arzonga sotadigan do'konlarga kirsangiz, ular har doim odamga to'la bo'ladi. Agar Yaponiyada bosiladigan kitoblarning o'ndan biri boshqa tillarga tarjima qilinib, tarqatilganida edi, dunyoni yapon adabiyoti allaqachon egallagan bo'lardi, menimcha.
Yangi chop qilingan bunkolar |
Eng mashhur nashr uylari - Iwanami, Kodansha, Bungeishunju, Chikuma - odatda eng dolzarb, hammaning diqqatini tortadigan mavzulardagi shinsholarni, eng oxirgi adabiy "xit"ga aylangan romanlarning bunko formatini nashrga chiqarishadi. Bozor judayam dinamik, tez aylanib turadi - kitoblar judayam tez ishlab chiqariladi, tarjima qilinadi. O'quvchi olomon ham shunga yarasha yashaydi - aniq foizini bilmadim, lekin shahar aholisining juda katta qismi haftada kamida bir marta kitob do'konlariga kirib turadi. Do'konlar ham qulay joylarda - odatda yirik temir yo'l stanciyalarida - joylashgan bo'ladi. Poezdga chiqquncha, birrov kitob do'konga kirib, kichkinagina bunko kitobchasi bilan qaytib chiqayotgan yaponlarni ko'p ko'rish mumkin.
Kichik formatdagi kitoblar Yaponiyada shunchalik keng tarqalib ketishining boisi nima? Menimcha, har kuni ishga poezdda qatnaydigan odamlar sonining nihoyatda yuqori ekanligi. Har kuni millionlab yaponlar bir necha soatni poezdda o'tkazishadi. Katta shaharda ishlaydigan xizmatchilar xohlasa-xohlamasa, poezdda ishga qatnashga majbur; vagon ichidagi vaqtni unumli o'tkazish uchun, cho'ntagiga kichkina kitobcha solib olish an'anaga aylangan. Hozirgi kunlarda, albatta, hammaning qo'lida smartfon yoki tablet, kitoblar ham elektron formatga o'tib bormoqda, lekin hali-hanuz poezdlarda kitob o'qib ketayotgan yaponlar soni talaygina. Mening o'zim poezdga kitobsiz chiqqan kunim o'zimni yarim soat vaqtni havoga sovurgan odamday his qilaman. Bunko yoki shinsho kitoblari ham aynan shu yo'lovchi-o'quvchilar uchun qulay qilib yaratilgan: Angliyadagi qog'oz-jildlardan farqli, ular osongina ochiladi, ularni bemalol bir qo'lda tutib (ikkinchi qo'l bilan poezd ichidagi ushlagichga osilib), o'qisa bo'ladi. Poezddan tushayotganda, cho'ntakka solib, yo'lda davom etsa bo'ladi. Xarid qilayotganingizda, do'kon xodimi albatta sizdan "Jildlab beraymi?" deb so'raydi; juda ko'pchilik yaponlar ana shunday qog'oz jildga solingan kitob o'qib yurishadiki, qaysi asarni o'qiyotganini aniqlash odatda imkonsiz. Har bir yangi kitobning ichida kichkinagina sahifani belgilagich solingan bo'ladi. Bu bozorning qanchalik muhim ekanini kitoblar maxsus uchun ishlab chiqariladigan aksessuarlar, masalan charm jildlarning turining ko'pligidan ham tushunsa bo'ladi:
Endi o'quvchilarga bir savol: o'zimizda ana shunday turdagi cho'ntakbop kitoblarni chop qilish yo'lga qo'yilsa, qanchalik talabga loyiq bo'ladi? Sizning o'zingiz ana shunday ommabop asarlarni - masalan, jahon adabiyoti mumtoz asarlari turkumidan - necha so'mdan sotib olgan bo'lardingiz? Menimcha, ertami-kechmi, bizda ham ana shunday turkumlar, butun boshli seriyalar chop qilina boshlaydi. Xatto bu g'oyani bizning bozorga birinchi bo'lib olib kira olgan, o'quvchilarga ma'qul shaklda ishlab chiqarib, bozoriga chiqara olgan nashriyot katta muvaffaqiyatga erishadi, deb ham o'ylayman. Siz nima deb o'ylasiz?
Манимча, бизда "Янги аср авлоди" (номини сал адаштирган бўлишим мумкин) чўнтак китобларни ишлаб чиқаряпти, менимча, бизда ҳозирча аҳолининг қолоқ мобиллашгани, ҳаётга турли ёндашувлар борлиги ҳам китоб ўқиш маданиятида анча орқада қолсак керак. Яна билмадим, бизда йўлда китоб ёки газет ўқийдиганлар жуда кам, бизда жамоавий мулоқот кучли, гаплашишга мойиллик юқори.
ReplyDeleteOntrack EasyRecovery License Key is a complete data recovery software, capable of recovering damaged or deleted files from a formatted or damaged disk.
ReplyDeleteMiroslav Philharmonik-2 Crack for MacOS
Driver Toolkit License Key