Thursday, 5 November 2015

Otalik haqida romanlar: Kormak Makkarti, "Yo'l"



Bundan salkam bir yil oldin, hazin va yomg'irli noyabr kunlaridan birida, Kembrij markaziy kutubxonasidan anchadan beri o'qishni rejalashtirib yurganim kitobni albatta o'qish niyati bilan olganim esimda. Roman muallifi Kormak Makkarti (Cormac McCarthy) ismini oldindan bilardim. Ko'pchilik tomonidan nafaqat zamonaviy AQSh adabiyoti, balki ba'zilar butun boshli ingliz tilida yoziladigan adabiyot vakillari ichida eng buyugi, deb ulug'laydigan yozuvchi. Ingliz tilidagi romanlar haqida gap ketganida, shaxsan men hamisha amerikalik yozuvchilarni boshqalardan (masalan, inglizlardan) ustun qo'yib kelganman. Yashirmayman, Hemingway, Folkner, Steynbek, Philip Roth, Don DeLillo, Pol Oster, Norman Meyler, Jonathan Franzen va hokazolarning muxlisiman. Shu sababdan, Makkartini ham o'qib ko'rmoqchi edim. Yozuvchi qalamiga mansub asarlarga asoslanib olingan filmlarni ko'rgan bo'lsam-da ("Qariyalarga bu yerda joy yo'q", "Sanset limited poyezdi"), uning biron bir asarini o'qimagandim. Aynan 'Yo'l' (The Road) romanini tanlashimga sabab nima edi?

Endi o'ylab qarasam, bunda kitob muqovasida, muallif ismi va roman nomi tagida katta harflar bilan yozilgan maqtov katta rol o'ynagan bo'lsa kerak. Bo'lmasa, kutubxonadagi minglab kitob ichidan, Makkartining o'nni oshadigan romanidan nima uchun shuni tanladim, degan savolga javob berolmayman. Bir yilda milliondan ortiq yangi kitob chop qilinadigan AQSh-Buyuk Britaniyada xaridor diqqatini jalb qilish uchun muqovaga balandparvoz, maqtovli fikrlar yozish odatiy narsa. Men kamdan-kam hollarda bularga asoslanaman. Lekin Makkarti romani muqovasida mashhur Tayms gazetasi adabiy tanqidchisining quyidagi so'zlari bosilgan edi: "Asarning dahshatli go'zalligi sizni shunchalik rom qiladiki, ko'zingizni kitobdan uzolmaysiz". Bu 'dahshatli go'zallik' iborasi meni rostdan o'ziga jalb qila oldi.

Kitobni uyga olib kelib, har doimgi kabi, uyquga ketishdan oldin o'qishga kirishdim. Kun davomida charchagan bo'lsam-da, chiroqlarni o'chirish oldidan hech bo'lmasa yarim soat bir nimalar o'qish odat tusiga kirib qolgan; bu o'ziga xos an'anasiz ko'zimga uyqu kelmaydi. Lekin, "Yo'l"ni ochdim-u, uni yopish, chiroqni o'chirish, ertalab vaqtli turish haqidagi hayollarning hammasi aqldan ko'tarildi.

Bu so'zlarimdan o'quvchi Makkartining asari oxirgi paytda yomon qovun urug'i kabi ko'paygan belletristika: sayoz, vaqt o'tkazish uchun o'qiladigan roman bo'lsa kerak, degan xulosaga bormaydi, degan umiddaman. Meni sahifalarga syujet keskinliklaridan ko'ra, romanning ajoyib tili, Makkartining insho uslubi rom qildi. Ba'zi gaplarni qayta-qayta o'qib, yozuvchining darhaqiqat buyuklikka da'vo qilsa arzigulik daho ekanini o'yladim. Har qancha urinmang, boshqa tilga tarjima qilinganda ilg'ab bo'lmaydigan, bor go'zalligini yo'qotadigan gaplarga boy kitob. Ingliz tilida ko'p yillardan beri roman o'qisam-da, 'Yo'lni' o'qiyotib juda ko'p so'zlarni lug'atdan qidirishimga to'g'ri keldi. Kitobga shunchalik berilib ketganimni o'zim ham bir-ikki kundan keyin, universitetda ish bilan mashg'ul paytimda tezroq xonamga qaytish, tezroq yana kitobni ochish haqida o'ylayotganimni payqab qolganimda bildim.

Syujet keskinliklari haqida so'z ochdim; aslida, 'Yo'lning' syujeti nihoyatda oddiy, lekin ayni paytda dahshatli. Kitobni o'qimoqchi bo'lgan o'quvchining xafsalasini o'ldirmaslik uchun, roman tarkibi haqida ochiq-oydin yozmaslikka harakat qilaman. Lekin bu yozuvning o'zagida otalik mavzusi, ota va farzand o'rtasidagi munosabat bo'lgani uchun, 'Yo'lning' shu jihatiga ahamiyat qaratmay ilojim yo'q.

Yoshi 40-45 lardagi ota va uning 6-8 yoshlardagi o'g'li ikki tomoni kuyib kulga aylangan daraxtlar, tashlandiq uylar, yonib ketgan mashinalar bilan to'la uzoq yo'l bo'ylab janubga ketishmoqda. Atrofni, butun borliqni tutunga o'xshash kulrang tuman qoplagan, osmonning qayeridadir quyosh hali ham o'z nurlarini yerga bag'ishlashda davom etayapti, lekin oftobning o'zi ko'rinmaydi. Ota bilan o'g'il supermarket aravasini surib ketishmoqda; aravada ularning qo'liga ilingan yegulik, ularni sovuq tunlardan asraydigan eski-tuski choyshablar. Ona yer o'z farzandlarini rad etgan; yoki, boshqacharoq qilib aytsam, farzandlari axiyri ona yerning boshiga yetishning uddasidan chiqishgan. Ona yer endi farzandlariga o'z bag'ridan yegulik bermay qo'ygan, uning bag'ri kulga aylanib, adoyi tamom bo'lgan. Yashil rangga to'la o'tlog'u o'rmon o'rnini kuyuk rangi bo'shliqlar egallagan. Yerdan yegulik topa olmagan bolalari esa, avval yillar davomida jamg'arilgan bor yegulikni yeb bitirishgan. Undan keyin yeyish mumkin bo'lgan mavjudotlarga o'tishgan: itlar, mushuklar, qushlar, qurt-qumursqalar. Bular ham tugagandan keyin esa...

Xullas, yo'lda ular juda ko'p narsani ko'rishadi. Yegulik kamaya borgach, qolgan qutgan, hali yesa bo'ladigan narsalar - konserva bankalari, quritilgan sabzavotlar - ilinjida yo'ldagi bo'm-bo'sh uylarga birma-bir kirishadi. Makkarti buni shunday ta'riflaydiki, o'quvchi ota-bola bilan birga, bir xonadan ikkinchisiga, undan keyingisiga o'tayotgandek his qiladi. Yoshim o'ttizdan oshgan bo'lsa-da, yarim tunda bo'm-bo'sh va qorong'u uylarga kirishi etimni junjiktirgani esimda. Eng qizig'i, bu uylarning har birida asar qahramonlarini dahshatli nimadir kutib turgani hissi o'quvchini tark etmaydi.

Shunday bo'ladi ham. Uylarning birida, ota yog'och polda o'yilgan kichkina eshikchaga ko'zi tushadi. Yegulik saqlanadigan yerto'la deb o'ylab, eshikni ochganida, darhaqiqat dahshatli manzaraga guvoh bo'ladi. Bu manzarani munaqqidlardan biri "shu paytgacha o'qigan asarlarim ichida eng qo'rqinchli sahna" deb ta'riflagan. Odatda, qo'rqinchli roman yoki filmlarda eng yomoni - dahshatli manzara, yoki qonli murdalar emas, balki 'hozir dahshatli nimadir yuz beradi' degan hayol, ana shu yuz berishi kerak bo'lgan dahshatli narsani kutish hammasidan qo'rqinchli. Kitobning bu qismida ham, Makkarti juda mohirona ta'riflagan manzaraning o'zidan ko'ra, uni o'qib, insoniyatning qay darajada tubanlikka yuz tutishi mumkinligi, kitobdagi vaziyat yuz bersa insoniyat albatta ana shu darajaga yetishi haqida o'ylash odamda dahshat uyg'otadi.

Lekin, romanning eng ajoyib, eng ta'sirli jihati - ana shu dahshatli dunyo ichida ota va o'g'il odamgarchilikni yo'qotishmaydi. Makkarti xuddi avval o'quvchining yuragini beshafqat sug'urib olib, so'ngra uni silab-siypab, asrab-avaylab, o'z joyiga qo'yib qo'ygandek. Bu insoniylik birinchi navbatda otaning o'g'liga nisbatan muhabbati, uning uchun har daqiqada o'limga tik qarashi, ularning bir-biri bilan uzuq-yuluq suhbatlarida ko'rinadi. Insoniyat o'zini butunlay yo'qotib, insonlar hayvondan battar holga tushgan holda, ota-bolaning muhabbati ularni boshqalardan ajratib turadi. Ikki o'g'lim mendan uzoqda bo'lgani uchunmi, yo Makkartining boshimizga tushishi mumkin bo'lgan ana shunday dunyoga to'lig'icha kirishib ketganimdanmi, romanning oxirgi betlarini ko'zimga yosh to'lib o'qidim. Kitobni yopganimdan keyin esa bir necha kun hayolan unga qaytadigan, o'zimni xuddi har kuni gaplashaverib, ko'nikib qolgan do'stimni yo'qotganday his qildim. Kitob yuragimni sug'urib olib, uni yana o'rniga qo'yib qo'ygandek...

3 comments:

  1. Русчасини бошлагандим бу китобни.Манимча боши чаккимасди

    ReplyDelete
  2. Oxiri ham chakkimas :) Oxirigacha o'qib tugatmagan bo'lsangiz, nimasidir yoqmagandir?

    ReplyDelete
  3. Baccarat Rules in the Philippines - FEBCASINO
    Betting on baccarat is one of the most popular casino games in deccasino Asia. Baccarat is a game where the bettor's bet is febcasino placed 인카지노 on the same card, and the player's

    ReplyDelete