Friday 11 July 2014

Cho'ntakbop kitoblar: bunko va shinsho

DSC_0124_1.jpg

Yaponiyada kitob do'konlariga kirganimda, albatta cho'ntakbop kitoblar javonlarini ko'zdan kechiraman. Bular asosan ikki turda bo'ladi: A6 o'lchamidagi (10.5 X 14.8 santimetr) bunko shaklida ko'pincha badiiy asarlar va ommabop adabiyot chop qilinadi, undan uzunroq shinsho formatida esa "non-fiction," ya'ni badiiy bo'lmagan, ilmiy yoki ommabop asarlar chiqadi. Bundan besh yilcha oldin, eski kitoblar sotiladigan do'konlardan biriga kirganimda, sotuvdagi xilma-xillikdan biroz esankiraganim esimda. Bu hayrat biroz o'tib alamga o'xshash bir tuyg'uga o'zgardi: "Shuncha kitob, har biri ¥100 dan ($1), men esa shularning birontasini o'qiy olmayman!" Yillar o'tib, men bularni chala-chulpa o'qiydigan bo'ldim, ular men uchun Yaponiyaning ajralmas bo'lagiga aylandi. Bu kitoblarni shunchalik yaxshi ko'ramanki, boshqalarga ham ular haqida aytib bergim keladi.