Kembrij universiteti haqida yozishni anchadan beri reja qilaman, lekin hech qo'lim tegmaydi. Yozadigan narsa shunchalik ko'pki, o'rtacha kattalikda bir kitob yozsa arziydi. Nimadan boshlashniyam bilmayman, rostini aytsam. Shu sababdan, bu yerda universitet haqida ko'pchilik bilmaydigan ma'lumotlarni, Vikipediyada yozilmaydigan gaplarni, o'zim bu yerdaligimda eshitgan-ko'rganlarimga asoslanib yozmoqchiman. Matnni rasmlar bilan to'ldirib boraman.
Tarixiy manbalarga ko'ra, Kembrij universitetiga 1209 yilda Oksforddan qochib kelgan bir guruh olimlar asos solishgan. O'sha paytlarda Oksford Angliyadagi yagona oliy oquv yurti bo'lib, shaharda universitet vakillari va oddiy xalq o'rtasida kelishmovchiliklar ko'p bo'lgan. Shahar aholisi burni osmonda bo'lgan talabayu-domlalarni xush ko'rmagan, universitet ahli esa, o'z navbatida, oddiy xalqni ko'rgani ko'zi bo'lmagan. Onda-sonda g'ijillashib turishgan, ba'zan qurbonlar ham bo'lgan. Bu janjallardan charchagan bir guruh olimlar Kembrijga ko'chib kelib, bu yerda ilmiy ish-u ta'lim-tarbiyani asta-sekin yo'lga qo'yishgan. Shunday qilib Angliya (va ingliz tilida so'zlashuvchi xalqlar) tarixidagi ikkinchi eng qadimiy universitet tashkil topgan.
Korpus Kristi kollejining eski hovlisi (Old Court) Oksford va Kembrijdagi eng eski hovli hisoblanadi. 14 asr. |
Ham Oksford, ham Kembrij kollegiat universitetlardir, ya'ni universitet yarim-mustaqil kollejlardan tashkil topgan. Bulardagi kollejlar bizning tushunchamizdagi kollejdan ancha farq qiladi. Universitet fakultetlar, kafedralar, universitet rahbariyati va kollejlar yig'indisidan tashkil topgan. Oksford va Kembrijda universitet va fakultetlar talabaning ta'limi, baholari va imtihonlariga javob bersa, kollejlar talabalarni joy, oziq-ovqat va boshqa talabalar bilan muloqot qilish imkoniyati bilan ta'minlaydi. Albatta, kollejlardan tashqari, universitet idoralari, binolari bor. Masalan, Universitet kutubxonasi, fakultet binolari, va hokazo idoralar bironta kollejga tegishli emas, balki butun universitet a'zolari uchun xizmat ko'rsatadi. Lekin talaba uchun kollej universitetdan ko'ra ahamiyatliroq.
Universitet kutubxonasi. |
Bakalavrlarning hayotida kollej ayniqsa muhim o'rin egallaydi. Oksford yoki Kembrijga kirgan omadli talaba birinchi navbatda fakultetiga emas, kollejiga boradi; u yerda uni kutib olishib, qadimgi binolarning biridan bir kishilik xona ajratishadi. Shu kundan boshlab talaba o'qish paytida (ham Oksford, ham Kembrjda o'quv yili uchga - trimestrlarga bo'lingan) kollejda yashaydi, kunda uch mahal hamma bilan birgalikda katta ovqatlanish zalida ovqatlanadi, kollej kutubxonasida dars qiladi. Haftada bir necha marta (kollejga ko'ra, har xil) birgalikda rasmiy kechqurungi ovqatga boradi, qora mantiya kiyib, vino ichib, o'zini guruh a'zosi, kollej vakili, porloq kelajak sohibi his etadi. Bitiruvgacha ana shunday qiziqarli va biroz g'alati marosimlardan o'tib, talabaligini o'tkazadi.
Bitiruv marosimida talabalar kollej vakili boshchiligida Senate House binosiga ana shunday borishadi |
Har bir kollejning o'z kutubxonasi, cherkovi, spirtli va boshqa ichimliklar sotiladigan bari, bakalavrlar va magistr-aspirantlar uchun alohida yig'ilish va dam olish xonalari (JCR va MCR) bor.
Trinity Hall kolleji magistr va aspirantlari xonasi (MCR) |
Har bir kollejning maysa ekilgan hovlisi (court) bo'lib, bu hovli ko'pincha qadimiy binolar bilan o'ralgan bo'ladi. Deyarli barcha kollejlarda maysa ustidan faqatgina kollej o'qituvchilari (fellow) va rahbarlarigina yura oladi, talabalar yoki chetdan kirib qolganlarga esa maysani bosish mumkin emas. Shunga o'xshash g'alati qoidalar Kembrijda talaygina.
Korpus Kristi ovqatlanish zali. To'rda o'qituvchilar stoli |
Kollej nafaqat o'qish yoki ovqatlanish, balki do'st orttirish, bo'sh vaqtlarni maroqli o'tkazish joyi hamdir. O'qishni tugatguncha, talaba kollejdagi deyarli hammani tanib, ular bilan bir marta bo'lsa-da suhbatlashib ulguradi. Harry Potter filmni ko'rganlarga bu yozuv tanish bo'lsa kerak - u yerdagi maktabdagi hayot Oksford-Kembrijdagi talabalar hayotiga asoslanib yozilgan, filmning ba'zi sahnalari esa Oksfordda suratga olingan.
Kembrijda jami 31 ta kollej bor; bulardan uchtasi faqat qizlarni qabul qiladi, ikkitasi faqat magistr yoki aspirantlar uchun mo'ljallangan, yana bir kollej esa katta yoshdagi bakalavrlar kolleji hisoblanadi. Talabalar soni va boyligi nuqtai nazaridan ikkita kollej alohida ajralib turadi - Trinity va St John's. Bu ikkalasi Kembrijdagi uch "Qirollik kollejlari"ga ham kiradi (uchinchi qirollik kolleji - King's College). Quyida ana shu uch kollej va o'zimning kollejim haqida qisqacha ma'lumot beraman. Nima uchun bu uchalasi tanladingiz, degan savolga quyidagicha javob berish mumkin. Kembrij kollejlari asrlar davomida qirollar, qirollik oilasi vakillari, nasldorlar yoki shunchaki boy odamlardan yordam evaziga qurilgan va rivojlangan. Uchala 'qirollik' kolleji, tabiiy ravishda, boshqalariga nisbatan ko'proq mablag' va yordamga sazovor bo'lgani uchun, ularning binolari boshqalarinikiga nisbatan ancha chiroyliroq, tarixi ham mashhurroqdir.
Kollejlar hammasi bir xil emas va ular iloji boricha o'zlarining boshqa kollejlardan farq qiladigan tomonlariga urg'u berishadi, lekin ularning umumiy jihatlari farqlariga qaraganda baribir ko'proq. Birgina blog yozuvida shuncha kollejning barcha jihatlarini yetkazib berish mumkin emas, albatta. Shuning uchun quyida to'rt kollejning eng asosiy, eng mashhur jihatlarini yozib o'taman, xolos. Kollejlar haqidagi hikoyadan oldin, Kembrijni mashhur qiluvchi bir transport turi haqida qisqagina yozaman.
Kemdagi ko'priklar |
Kembrijni Kem daryosi kesib o'tgan - aslida shaharning nomi ham "Kem daryosidagi ko'prik" deb tarjima qilinadi. Daryoni bizning tushunchamizdagi daryo deb bo'lmaydi: kichkina anhorga ko'proq o'xshaydi, chuqurligi ham 2-3 metr xolos. Daryo bo'yida joylashgan kollejlarning o'z ko'priklari va daryoda suzib yuradigan qayiqlari (punt, "pant" deb o'qiladi) bor. Qirg'oqdan uzoq kollejlarda ham bitta-yarimta pant bo'lishi mumkin. Ayni paytda, pantda sayr qilish Kembrijda yaxshigina biznes bo'lib, daryoni to'ldirib suzadigan qayiqlarning ko'pchiligi xususiy firmalarga tegishli bo'lib, ularning yo'lovchilari asosan turistlardir.
Pantni boshqarishda metaldan tayoq ishlatiladi: daryo unchalik chuqur bo'lmagani uchun, tayoqning uchini daryo tubiga tirab, qayiqni harakatga keltiriladi.
Pantda sayr |
Ana shu kichik chekinishdan so'ng, uch qirollik kolleji haqida yozsam. Hikoyani Trinity kollejidan boshlayman.
Trinity Kolleji asosiy darvozasi |
Trinity nafaqat Kembrij, balki butun Oksbrijdagi (Oxbridge, ikkala universitetning qo'shma nomi) eng badavlat va talabalar soniga ko'ra eng katta kollej bo'lib, Kembrij va dunyo tarixida o'chmas iz qoldirgan ko'plab insonlar ana shu yerda o'qishgan. Masalan, fizik olim Isaak Nyuton, buyuk ingliz shoirlari Lord Bayron (Byron) va Lord Tennison (Tennyson), 20 asrning buyuk faylasuflaridan Lord Rassel (Russell) va Lyudvig Vitgenshtayn (Wittgenstein), yadroviy fizika asoschisi Ernest Rezerford (Rutherford), Hindistonning birinchi bosh vaziri Javaharlal Neru va o'nlab boshqa yetuk odamlar o'qigan kollejdir. Kembrij universitetiga aloqador 80 tacha Nobel mukofoti sovrindorlarining 35 tasi Trinityda yo o'qishgan, yo ishlashgan.
Trinity Kolleji hovlisi |
King's College ham o'zining taniqli talabalari bilan mashhur: iqtisodchi Jon Meynard Keyns, yozuvchilar E.M.Forster va Salmon Rushdiy, zamonaviy kompyuter fanining otalaridan bo'lgan Alan Tyuring. Lekin King's Kembrijga kelganlarning xotirasida o'zining ajoyib binolari bilan esda qoladi, ayniqsa dunyodagi eng katta cherkovlardan bo'lgan King's College Chapel bilan.
King's College Chapel |
Ushbu bino qurilishi qariyb bir asr davom etgan - uning salobatini so'zda emas, suratda ham yetkazib berish qiyin. Kapellaning ichida suratga olish mumkin emas, shuning uchun bu yerda faqat uning tashqi ko'rinishlarini namoyish qila olaman. Binoning ichiga kirgan odam birinchi navbatda yuqoriga, baland shipga, unda solingan naqshlarga qaraydi, keyin "Shuncha yil oldin (15-16 asrlarda) qanday qilib shunday narsarni qurishdi ekan?" degan hayolga boradi.
St John's College (Avliyo John kolleji) Kembrijning talabalar soni bo'yicha eng yirik ikki kollejidan biri bo'lib, azal-azaldan Trinity bilan raqobatchi bo'lib kelgan. Bu kollejga Trinityga asoschisi qirol Henry VIII ning buvisi Lady Margaret Beaufort ismli ayol asos solgan. Trinity bilan yonma-yon joylashgan bu kollej binolari ham juda chiroyli, lekin eng esda qolarli yodgorlik bu "Xo'rsinishlar ko'prigi" (The Bridge of Sighs) bo'lsa kerak.
Xo'rsinishlar ko'prigi |
Ushbu ajoyib ko'prikning nomi Venetsiyadagi shu nomli ko'prikdan olingan. Ko'prik ikkala qirg'oqdagi kollej binolarini bir-biriga bog'lab turadi va undan o'tishga ruxsat faqatgina kollej a'zolariga berilgan. Kembrijda keng tarqalgan mish-mish va afsonalardan biriga ko'ra, 19-asrda hukmronlik qilgan qirolicha Viktoriya ushbu ko'prikni shunchalik yaxshi ko'rgan emishki, bir necha oyda bir marta uni ko'rish uchun kelib turgan ekan.
Va nihoyat, uch qirollik kolleji haqida gapirib bo'lib, hikoyani tugatishdan oldin o'zimning kamtargina kollejim haqida yozaman.
Korpus Kristi Kolleji asosiy darvozasi |
Korpus Kristi kolleji (Corpus Christi College Cambridge, CCCC) shahar ahli tomonidan tashkil etilgan Oksbridjdagi yagona kollej hisoblanib, Kembrij kollejlari orasida eng qadimgilaridandir. 1352 yilda tashkil etilgan kollej talabalar soni jihatidan eng kichkinalaridan biridir.
Korpus Kristi "yangi" hovlisi (New Court) |
Eski kutubxonasida ingliz tilida so'zlashuvchi sivilizatsiyaga oid juda noyob qo'lyozmalar bilan qimmatbaho kumush buyumlar saqlanishini aytmaganda, kollejim haqida ko'p narsa aytmasa ham bo'ladi. Bu yozuv shusiz ham juda uzayib ketdi, shuning uchun qolgan mavzularni boshqa yozuvlarga qoldirsam.
Bu uzun yozuvni oxirigacha o'qib tugatgan bo'lsangiz, sizga katta rahmat! Qanday savollar bo'lsa, kommentlarda qo'limdan kelganicha javob berishga harakat qilaman. Kembrij haqida hali bir nechta yozuv rejalashtirib qo'yganman, keyingi yozuvlarim bunchalik uzun bo'lmaydi, va'da beraman:)
Sherzod, keltirgan ma'lumotlaring judayam qiziqarli, ham foydali. Chop qildirishning iloji bo'lsa, yaxshi maqola chiqardi. Shuni O'zbekistandagi talabalar, o'quvchilar o'qiydigan yaxshi bir saytda joylashtirilsa, Kembrijga borib o'qish istagidagi vatandoshlarimiz uchun ixcham bir qo'llanma bo'lardi.
ReplyDeleteMa'lumotlar uchun katta rahmat, Sherzod aka. Kembrij Universiteti haqida ko'p narsa bilams edim, blogni o'qib chiqib ancha muncha qiziqarli ma'lumotlar o'rgandim. Shunaqa bloglarni ko'paytirsez biz uchun juda yaxshi bo'lar edi!
ReplyDeleteJuda qiziqarli yozibsiz, rahmat!
ReplyDeleteFoydali blogpost. Rahmat. Baribir universitet ichidagi kollej tizimi biz örganmaganlimiz uchun g'alati körinadi
ReplyDeleteSALOM
ReplyDeleteSHERZODAKA MAN HAM SHU UNIVERSITETDA O'QISHNI HOHLIMAN SIZ BILAN QANAQIB BOG'LANSAM BO'LADI.JAVOB KUTAMAN
ReplyDeleteHotspot Shield Crack is the most trusted platform for security, data protection and access with the highest performance in terms of speed, stability and security.
ReplyDeleteApowerREC Crack
Remo Drive Defrag Crack Key
IObit Smart Defrag Pro Key Crack
Thanks for sharing such an amazing content. Really loved to read such content. Keep posting such content in future as well.
ReplyDeletePDF Studio Crack
iMyFone D-Back Crack
Plagiarism Checker X Crack
Hotspot Shield Crack
Brave Browser Crack
Aiseesoft Total Video Converter Crack
Burp Suite Pro Crack
Synthesia Crack
Thanks for sharing such an amazing content. Really loved to read such content. Keep posting such content in future as well.
ReplyDeleteBluffTitler Ultimate Crack
GeoGebra Crack
ProPresenter Crack
Loaris Trojan Remover Crack
Visual Studio Crack
Wondershare Filmora Crack
Jaqsi maglumatlardi keltiripsen zor gap joq
ReplyDelete