Thursday 26 January 2012

O'zbek o'zbekni uzoqdan taniydimi?

Bugun yuz bergan kutilmagan va qiziq tasodif haqida yozmoqchiman. Kembrijning "restoran" nomiga da'vogar "pub"laridan birida bir guruh do'stlar bilan o'tirgandim, yoshi mendan 5-6 yosh katta bir aka yonimga kelib, mulozamat bilan toza inglizchada qayerdanligimni so'radi. O'zbekistonlikman, degan javobimni eshitib, yuzlari bir lahza yorishib, tabassum qildi. Qo'limni mahkam siqib, "Assalomu alaykum, o'zim ham sizni o'zbek deb o'yladim, ko'zimga issiq ko'rindingiz," dedi. Bu yerlarga qisqa muddatli xizmat safariga kelgan ekan. Ikki og'iz gaplashdik, ko'pchilik kabi aka ham meni Farg'onalik deb o'ylabdi.

Juda yoqimli tasodif bo'ldi, lekin rostini aytsam, unchalik hayron qolganim yo'q. Chunki o'zimizning odamlarni chet elda yurganda ko'pincha osongina tanib olsa bo'ladi. Yurish-turish, kiyinish tarzi, hatto imo-ishorani nazarda tutmayapman: bu yerning xalqiga o'xshab kiyingan bo'lsa ham, o'zbekni baribir ajratib olsa bo'ladi. Menimcha bir oilaning vakillari bir-birida tushuntirib bo'lmas yaqinlik sezgani kabi, biz ham tushunarsiz iliqlik sezsak kerak bir-birimizni ko'rganimizda. Bo'lmasa bu o'lkada dunyoning ming burchagidan kelgan ming xil odam bor. O'zbeklarga juda-juda o'xshab ketadigan chehralar bor, masalan meksikaliklar, yoki Janubiy Amerika hindulari avlodlari. Lekin ularni biroz kuzatsangiz, boshqacha ekanligini bildirib qo'yadi. O'zbekni esa ozroq vaqt kuzatib bexato aniqlasa bo'ladi.

Bundan 5 yil oldin Manchesterdan Londonga borganimda, shahar avtobuslarida juda ko'p vatandoshlarni uchratardim. Birinchi qarashdanoq o'zbek, tojik, yoki boshqa Markaziy Osiyolik ekanini tahmin qilasiz. Keyin sezdirmasdan kuzatishda davom etasiz va, bir necha daqiqadan keyin, xatto gapini ilg'amasdan ishonch bilan qayerlik ekanini o'zingiz uchun aniqlab olasiz. Men bu xulosaga kelgandan keyin yaqinroq borib, ularning bir-biriga gapirishini kutib turardim. O'shanda biron marta ham adashmadim.

Bugungi uchrashuv ham bu nazariyamga yana bir isbot bo'ldi :)

Sunday 15 January 2012

Qish qishligin qilsin

Sovuq, kiyimni teshib badanga yetuvchi shamolni aytmasa, bu yerdagi qishni qish deb atash ham qiyin. Shu kungacha hammaning og'zida bu yilgi qishning naqadar iliq kelgani haqidagi gap bo'ldi. Ayniqsa, o'tgan yilgi izg'irin bilan qiyoslaganda - balkim eshitgandirsiz, qor ko'pligidan bir nechta futbol o'yini va yuzlab samolyot reyslari qoldirilgandi. Men o'tgan yili Toshkentda edim, lekin o'sha yerdan turib 2010-2011 yilning qishi Angliyada g'ayrioddiy qish bo'lganini hayolimdan o'tkazgandim.

Mana oxirgi 2-3 kun ichida havo nihoyat sovidi. Lekin, rostini aytsam, sovuq tushdi deyishga tilim bormaydi, chunki 0 dan pastga 1-2 daraja tushdi. Velosipedda yurganda ayniqsa seziladi - qo'lqopsiz yurib bo'lmaydi, qo'llar qotib qoladi. Ertalablari atrofdagi hamma narsa - dalalardagi haliyam yashil ekinlardan tortib velosipedlarning egarlarigacha - qirov bilan qoplanadi. Qordan darak yo'q, lekin men uncha noliyotganim ham yo'q. Bizga qirov ham bo'ladi, hozircha. Lekin qishning yarmi qoldi, shuning uchun, qishligin qilsin.

Monday 9 January 2012

Kitoblar haqida



Har kitob do'koniga kirganimda bir kitob ko'tarib chiqmaslik uchun o'zimni tutishga harakat qilaman. Har doim ham uddasida chiqa olmayman:) Chunki (yaxshi) kitob shunchalik ko'pki, boshqa ish qilmay ertalabdan kechgacha o'qisayam, tugatish imkonsiz! Shu sababdan, o'zim hurmat qilgan adabiy gazetalarda (LRB, NYRB va TLS, Economistning adabiyot va san'at sahifalari va blogi) maqtalgan asarlarni ipga tizganday xotiramda yig'ib boraman, kitob do'konida esa ularni varaqlab ko'raman. Birinchi uch qator yoki sahifadayoq qayerda turganimni unutib, kitobning "ichiga" kirib ketolsam, albatta sotib olaman. Shu yo'l bilan o'zim uchun sevimli yozuvchilarni kashf qilganman (Paul Auster, Orhan Pamuk, Haruki Murakami va hk.). Yana bir tanlash usuli - didiga ishonganim insonlarning tavsiyasi. Ko'pincha tavsiya qilgan odam kitobniyam berib turadi o'qishga :)

Rasmdagi o'ng tomondagi kitob - oxirgi o'qib tugatgan romanim. Maroq bilan o'qib chiqdim. Kitob haqida 1 yil davomida eshitib, o'qib, oxiri Londonga bir borganimda sotib olgandim, avtobusda o'qish uchun. Bu yozuvchining yozish usuli (uslubi emas, usuli) to'g'risida qaysidir gazetada o'qigandim ham: bo'mbo'sh xonada bitta yozuv mashinkasi va uyum-uyum qog'oz bilan yuzma-yuz, tarki dunyo qilib yozar ekan kitoblarini. Xullas, bir necha oy davomida bu kitobni o'ylab yurib, olib, o'qib chiqdim va menga juda yoqdi. Bu kitobda hamma narsa bor: hayot qiyinchiliklari, ota-o'g'il munosabatlari, sevgi, rashk, atrof-muhit haqida qayg'urish...xullas, juda ko'p mavzular, lekin ajoyib til bilan yozilgan. Dunyoga kulimsirab qaragan holda yozilgan kitob degan bo'lardim, chunki hatto qiyin mavzular ta'riflangan sahifalarda ham albatta jilmayasiz, hech bo'lmaganda befarq qolmaysiz. Yozuvchining tasavvur kuchi deb shuni aytishsa kerak.

Chapdagi kitob, aniqrog'i muallif bilan tanishuvimiz esa kamida 5-6 yil oldin boshlangan. Talabalik paytlarimda Pynchonni adabiyot bo'yicha Nobel mukofotiga har yili da'vogar bo'lishi haqida qayerdadir o'qib, qiziqib qolgandim. Universitet kutubxonasidan borib qo'limga tushgan birinchi kitobini olib, o'qishni boshlaganman. Uning kitoblari esa hajm bo'yicha Dostoyevsky asarlaridan qolishmaydi: har kitobi bir g'ishtday keladi. O'shanda 5-6 betcha "kirolganman" kitobning ichiga - undan uyog'iga taslim bo'lishga majbur bo'lganman. Birinchidan, ingliz tilini ip qilib eshvoradigan yozuvchilardan - boshqa tillarga eng qiyin tarjima qilinadigan yozuvchi degan "sharafga" ham ega Pynchon. Uning ustiga, kitobda hikoya qilingan voqea va personajni to'liq his qilolmaganim uchunmi, "e bor-e" deganman. Odatda, bunday hollarda o'zimni majbur qilib bo'lsayam, kitobni oxirigacha o'qib chiqaman, lekin yana kamida 500 bet ana shunday "kurash" ichida o'tishini tasavvur qilib, kitobni jimgina kutubxonaga topshirib yuborgandim.

Bugun esa boshqa romanini - buyam ingichka emas, naq 900 bet - ko'rdim-u, shartta sotib oldim. Qanday qilib bo'lmasin, o'qib chiqaman, deb qaror qildim. Hech bo'lmaganda uyqusiz kechalarda miyani "charchatishga" yarab qolar, deb umid qilayapman :).

Sizchi, sizning oxirgi o'qib chiqqan kitobingiz qaysi?

Sunday 8 January 2012

Yangi yilni kutib olganim haqida



Yangi yilni qanday kutib olsang, uni shunday o'tkazasan, degan gap bor. Ushbu naqlni eslab, yuqoridagi ajoyib videoni ko'rib, bu bola 2012-yilni rang-barang va porloq shaklda o'tkazadi, deb o'ylayotgan bo'lsangiz kerak. Rostini aytsam, men ham shuni xohlagan bo'lardim. Lekin aslida qanday bo'lgani haqida qisqacha yozmoqchiman.

Kembridj talabalar bilan to'la, kichkina joy bo'lgani uchun, Christmas ta'tili boshlanishi bilan ko'chalariga suv quyganday jimjitlik cho'kadi. Shu sababdan, yangi yilni bunday joyda kutishni unchalik ham xohlamay turgandimki (uni ustiga, oilasi yonida bo'lmagandan keyin odamga yangi yil ham uncha tatimaydi), bir guruh do'stlar Londonga borish taklifi bilan chiqib qoldi. Jon-jon deb rozi bo'ldim.

Poytaxtga poyezdda boradigan bo'ldik. Men Manchester davrlarimda Londonga poyezdda 2-3 marta borgandim, lekin bu davlatda avtobus har doim poyezddan arzon bo'lgani uchun, hali Kembridj-London orasida poyezdda yurib ko'rmagandim. Lekin bularning temir yo'l kompaniyasining qiziq chegirmalari bor ekan: 4 kishi bo'lib borsangiz, bilet yarim narxidan ham pastroqqa sotilar ekan. Shunday qilib, 31 dekabr kechqurun 5 yarimdagi poyezdda 6 kishi bo'lib Londondagi King's Cross vokzaliga qarab yo'l oldik va 1 soat o'tar-o'tmas u yerga yetib bordik. Poyezd vokzalga yetib borishiga oz qolganda Arsenalning Emirates stadioning shunday biqinidan o'tib ketdi (Arsenal muxlislari bormi o'quvchilar orasida? Gap orasida aytib o'tay, men Arsenal muxlisi emasman:).

Bir necha soat ko'cha aylanib va kechki ovqatni yeb olgandan keyin, do'stlar bilan Temza daryosi bo'yiga borishga qaror qildik. Yangi yil kirib kelishiga 2 soatdan ko'proq vaqt bor edi (O'zbekistonda esa o'sha paytda 2012 yil allaqachon kirib kelgandi), lekin odam ko'p bo'lishini hisobga olib, ertaroq chiqishga qaror qildik. O'sha kuni qaysidir gazetada mushakbozlikni tomosha qilish uchun 250 ming odam ko'chaga chiqishi taxmin qilinayotgani haqida o'qigandim. 250 ming odam-a! 3 ta liq to'la Old Trafford stadionini tasavvur qilishga harakat qildim, lekin uddasidan chiqolmadim.

Metroning Embankment stansiyasidan chiqib, minglab odamni ko'rganimdan keyin, erta chiqib yaxshi qilganimizni tushundim. Ko'cha to'la odam edi, keng ko'chani to'ldirib ketayotgan odamlar bir-birlarining yelkalariga tegib ketishayotgandi. Kap-katta odamlar bir-birimizni yo'qotib qo'ymaslik uchun qo'l ushlashib oldik (bir marta yo'qotib qo'ydik ham - yaxshiyam uyali aloqa bor). Ustunlarga katta qilib "Mushakbozlik buyoqda bo'ladi" deb yozilgan e'lonlar osib qo'yilgan, yo'l chetlarida politsiyachilar jamoat tartibini saqlab turishibdi. Yerda siniq shishalar ko'p - har doim chiqindini qutiga tashlab o'rgangan odamlar ham shuncha odamning ichida o'zini erkin his qilib naq ko'chaning o'rtasiga tashlab yurishibdi. Pivo shishasini yerga chil-chil sindirgan yosh-yalangdan bir nechtasini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Lekin umuman olganda odamlar muammo chiqarmasdan daryo bo'yiga qarab borishda davom etishdi.

Kamida yarim soat yurgandan keyin mushakbozlik bo'ladigan joyga yetib keldik. Yangi yilga hali 1 soatdan ko'proq vaqt bor edi, bir amallab o'tkazdik. Nihoyat, mushakbozlik boshlandi. Birinchi 2-3 daqiqa yaxshi ko'rindi, lekin undan keyin hammayoqni mushak tutuni qoplab, biz turgan joydan hech narsa ko'rinmay qoldi. Menimcha, shamol biz tomonga esib, hamma tutunni bizga olib kelgani uchun, eng qiziq va chiroyli mushaklarni ko'rolmay qoldik. Ertasi kuni yuqoridagi videoni ko'rib, bolalardan bittasi "yo bizning ko'zimizda bir gap bor, yo bu videoni Hollywoodda montaj qilishgan" deb qoldi :)

Mushakbozlik tugagandan keyin yana 1 soatcha piyoda yurib eng yaqindagi metro stansiyalaridan biriga tushdik va vokzalga yetib bordik. Poyezdda odam shunchalik ko'p ediki (oxirgi poyezd bo'lgani uchun), tik turib ketganlar ko'p bo'ldi. Bir nechta quvonchini ichiga sig'dirolmagan shovvozlar baralla qo'shiq aytib, baqir-chaqir qilib ketganiga qaramasdan, qotib uxlab qolibman. Poyezd Kembridjga kelganida yangi yil ham, mushakbozlik ham esimdan chiqib bo'lgan edi :).

Saturday 7 January 2012

Qo'shnilar haqida

Men Kembridjlik bo'lmaganim uchun bu yerda ijarada turaman, lekin boshqa ko'pchilik talabalar kabi kollej yotoqxonasida emas (kollejlar va umuman kollegiat tizimi haqida hali bir vaqt topib yozarman), xususiy uyda bir kichkina xonani ijaraga olganman. Uyning egasi ham shu uyda yashaydi, uning oila a'zolari ham. Oila a'zolari deganda faqat bitta o'g'lini nazarda tutayapman. Katta o'g'li boshqa shaharda o'qiydi, Yangi Yil ta'tilida uyda 10 kuncha turdi, 2 kuncha ilgari yana o'qishiga qaytib ketdi.

O'zi nima uchun bular haqida gap ochdim? Aslida har qanday yangi joyga borib, yangi odamlarni ko'ra boshlaganimda ularning hayot tarzi, kundalik ishlari, qiziqishlari va eng muhimi - an'analari va turmushning yozilmagan qonun-qoidalariga ahamiyat berishga harakat qilaman. Angliya umuman olganda men uchun yangi joy emas, chunki oldin Manchester shahrida 1 yil davomida bo'lganman, faqat u paytlar universitet yotoqxonasida o'zim kabi chet ellik talabalar orasida turganman. Birovning uyida turish boshqacharoq bo'lishini o'sha kezlar tasavvur ham qilolmasdim.

Uy egasi - yoshi 45 bilan 55 lar o'rtasidagi erkak, kasbi me'mor. Uydan turib ishlaydi: juda ko'p vaqtini kompyuterda bir narsalar chizib (menimcha loyiha bo'lsa kerak) va uzoq vaqt telefonda klientlar bilan gaplashib o'tkazadi. Ishidan ozmi-ko'pmi daromad keladi shekilli, qolgan qismini uyining bo'sh xonalarini menga o'xshagan chetdan kelganlarga ijaraga beradi.

Uning 17 yashar o'g'li (Kembridjdagi qaysidir o'rta o'quv yurtida o'qiydi) - ko'zoynakli, to'ladan kelgan yosh bola. Umuman olganda oddiy oila, hatto bularning oilasini biroz ziyolilarga qo'shsa ham bo'ladi, garchi uyda biron kishining kitob o'qiganini ko'rmagan bo'lsam-da (oliy ma'lumotli degan ma'noda aytmoqchi edim: katta o'g'il universitetda o'qiydi, regbi bo'yicha murabbiylik sohasida). Meni hayron qoldiradigan narsa mana bu: kichkina o'g'il bo'sh vaqt topdi deguncha televizorning oldidagi divanlardan biriga oyog'ini uzatib yotib oladi. Men uyga kelgan paytimda ko'pincha televizor ko'rayotgan bo'ladi; men ovqat pishirib, yeb, idish-tovoqlarni yuvib, xonamga chiqib ketayotganimda yigitchaning ko'zoynaklarida haliyam televizor nurlarining aksini ko'raman. O'ziyam bundan biroz hijolat bo'lsa kerak (mening oldimda emas, albatta, otasining oldida), ko'chadan kelib eshikni ocha boshlaganimda bazan o'rnidan uchib turib, eshikka qaraydi. Huddi ayb ish ustida ushlangan odamday. Boshqa shaharda o'qiydigan katta o'g'il ham televizor ishqibozlari safiga kirarkan - oxirgi 10 kun ichida ikki aka-uka sutkaning kamida 10 soatini TV yonida o'tkazishdi. Menimcha ekranda bir narsa qimirlab tursa bo'ldi, ko'raverishadi.

Uyda mendan boshqa yana ikkita ijarachi bor - bittasi menga o'xshab doktorlik darajasida o'qiydigan aspirant. Qisqa suhbatlarimizdan birida neyrobiologiya sohasida tadqiqot qilishini, dissertaciyasini deyarli yozib bo'lganini aytgandi. O'zi Finlandiyadan (aha, Nokia yurti), lekin otasi u yerga Hindistondan qachonlardir ko'chib borgan. Uydan yaqindagina ko'chib chiqqan yigit ham qiziq tarixga ega edi - ota-onasi eronlik kurdlardan, o'zi esa Germaniyada tug'ilgan. Uning o'rniga mening yonimdagi xonaga yoshi kattaroq Slovakiyalik ayol ko'chib kirdi, qaysidir kollej laboratoriyasida farrosh bo'lib ishlaydi.

Ana shunday qo'shnilarim bor. Ular bilan oshxonadan boshqa joyda deyarli ko'rishmaymiz, ko'rishsak-da "salom-alik"dan nariga o'tmaymiz.