Saturday, 7 January 2012

Qo'shnilar haqida

Men Kembridjlik bo'lmaganim uchun bu yerda ijarada turaman, lekin boshqa ko'pchilik talabalar kabi kollej yotoqxonasida emas (kollejlar va umuman kollegiat tizimi haqida hali bir vaqt topib yozarman), xususiy uyda bir kichkina xonani ijaraga olganman. Uyning egasi ham shu uyda yashaydi, uning oila a'zolari ham. Oila a'zolari deganda faqat bitta o'g'lini nazarda tutayapman. Katta o'g'li boshqa shaharda o'qiydi, Yangi Yil ta'tilida uyda 10 kuncha turdi, 2 kuncha ilgari yana o'qishiga qaytib ketdi.

O'zi nima uchun bular haqida gap ochdim? Aslida har qanday yangi joyga borib, yangi odamlarni ko'ra boshlaganimda ularning hayot tarzi, kundalik ishlari, qiziqishlari va eng muhimi - an'analari va turmushning yozilmagan qonun-qoidalariga ahamiyat berishga harakat qilaman. Angliya umuman olganda men uchun yangi joy emas, chunki oldin Manchester shahrida 1 yil davomida bo'lganman, faqat u paytlar universitet yotoqxonasida o'zim kabi chet ellik talabalar orasida turganman. Birovning uyida turish boshqacharoq bo'lishini o'sha kezlar tasavvur ham qilolmasdim.

Uy egasi - yoshi 45 bilan 55 lar o'rtasidagi erkak, kasbi me'mor. Uydan turib ishlaydi: juda ko'p vaqtini kompyuterda bir narsalar chizib (menimcha loyiha bo'lsa kerak) va uzoq vaqt telefonda klientlar bilan gaplashib o'tkazadi. Ishidan ozmi-ko'pmi daromad keladi shekilli, qolgan qismini uyining bo'sh xonalarini menga o'xshagan chetdan kelganlarga ijaraga beradi.

Uning 17 yashar o'g'li (Kembridjdagi qaysidir o'rta o'quv yurtida o'qiydi) - ko'zoynakli, to'ladan kelgan yosh bola. Umuman olganda oddiy oila, hatto bularning oilasini biroz ziyolilarga qo'shsa ham bo'ladi, garchi uyda biron kishining kitob o'qiganini ko'rmagan bo'lsam-da (oliy ma'lumotli degan ma'noda aytmoqchi edim: katta o'g'il universitetda o'qiydi, regbi bo'yicha murabbiylik sohasida). Meni hayron qoldiradigan narsa mana bu: kichkina o'g'il bo'sh vaqt topdi deguncha televizorning oldidagi divanlardan biriga oyog'ini uzatib yotib oladi. Men uyga kelgan paytimda ko'pincha televizor ko'rayotgan bo'ladi; men ovqat pishirib, yeb, idish-tovoqlarni yuvib, xonamga chiqib ketayotganimda yigitchaning ko'zoynaklarida haliyam televizor nurlarining aksini ko'raman. O'ziyam bundan biroz hijolat bo'lsa kerak (mening oldimda emas, albatta, otasining oldida), ko'chadan kelib eshikni ocha boshlaganimda bazan o'rnidan uchib turib, eshikka qaraydi. Huddi ayb ish ustida ushlangan odamday. Boshqa shaharda o'qiydigan katta o'g'il ham televizor ishqibozlari safiga kirarkan - oxirgi 10 kun ichida ikki aka-uka sutkaning kamida 10 soatini TV yonida o'tkazishdi. Menimcha ekranda bir narsa qimirlab tursa bo'ldi, ko'raverishadi.

Uyda mendan boshqa yana ikkita ijarachi bor - bittasi menga o'xshab doktorlik darajasida o'qiydigan aspirant. Qisqa suhbatlarimizdan birida neyrobiologiya sohasida tadqiqot qilishini, dissertaciyasini deyarli yozib bo'lganini aytgandi. O'zi Finlandiyadan (aha, Nokia yurti), lekin otasi u yerga Hindistondan qachonlardir ko'chib borgan. Uydan yaqindagina ko'chib chiqqan yigit ham qiziq tarixga ega edi - ota-onasi eronlik kurdlardan, o'zi esa Germaniyada tug'ilgan. Uning o'rniga mening yonimdagi xonaga yoshi kattaroq Slovakiyalik ayol ko'chib kirdi, qaysidir kollej laboratoriyasida farrosh bo'lib ishlaydi.

Ana shunday qo'shnilarim bor. Ular bilan oshxonadan boshqa joyda deyarli ko'rishmaymiz, ko'rishsak-da "salom-alik"dan nariga o'tmaymiz.

No comments:

Post a Comment