Friday, 30 December 2011

Ob-havo haqida



O'zini hurmat qilgan ingliz kunda kamida bir marta atrofdagilar bilan ob-havoni muhokama qiladi, degan yarim-hazil fikr bor. Men ham shu an'anaga rioya qilib, blogdagi ilk yozuvlarimdan birida bu yerning ob-havosi haqida ikki og'iz yozsam.

Aslida, bu yozuvni yozish uchun menga yuqoridagi rasm ilhom bag'ishladi. Derazaga bu yomg'ir tomchilarini bugun kuni bilan uvillagan kuchli shamol olib kelib "yopishtirdi". Shu sababdan, bu rasm menga nafaqat Angliyada odatiy hol bo'lgan yomg'irni, balki shamolni ham eslatadi.

Yilda 300 kun quyosh ko'rib o'sgan o'zbekning bolasi bunday havoga ko'nikolmay qiynalishi tayin; bundan olti yil ilgari Manchesterga kelganimda aynan ana shu havo ta'siri ostida ko'pincha tushkun kayfiyatda yurardim. Shamolni so'kish mumkinligini birinchi marta Manchesterda tushunganman - shunchalik joningizga tegadiki ba'zan bu kuchli va sovuq shamol, baqirib so'kkingiz keladi. Manchesterda o'sha paytlar o'zbek tilini tushunadiganlar ko'p bo'lmagani uchun, behavotir so'kinsa bo'lardi. Lekin shamolning o'zi aslida hech narsa emas: bugungiday yomg'ir bilan shamol qo'shiladigan bo'lsa, unda xudo urdi deyavering. Shamol muzday yomg'ir tomchilarini yuzing-ko'zing demay olib kelib uradi, odamning yuzi birpasda shalabbo bo'lib qoladi. Shunday kunlarda eng yaxshisi - uyda o'tirib, issiq ingliz qora choyini ichib, biron kitob o'qish yoki boshqa foydali mehnat bilan shug'ullanish.

Lekin Kembridj Manchesterchalik yomg'irli joy emasdayga o'xshaydi. To'g'ri, O'zbekistondagiga nisbatan yomg'ir ancha ko'p yog'adi bu yerda, lekin, rostini aytsam, Manchesterdagichalik yog'ingarchilikni endi hech qayerda ko'rmasam kerak. U yerda yomg'ir yog'magan kuniyam osmon xo'mrayib, qora bulutlar baland binolarning tomlariga tegay-tegay deb suzib o'tib ketaverardi. Bu yerda quyosh ko'proq chiqadi, shekilli, yomg'ir odamni u qadar bezovta qilmaydi. Lekin Shimoliy dengiz tomonlardan keladigan shamol qish davomida holi-jonimizga qo'ymasa kerak.

4 comments:

  1. Manchesterning odamlari qanday? Tabiatiga teskari bo‘lsa, hayron qolmasdim. :)

    ReplyDelete
  2. Manchesterliklar boshqa inglizlardan juda farqli deb aytib bo'lmaydi. Bularda mahalliychilik juda kuchli, bizdagidan 100 marta kuchliroqdir (bir-birining qayerdan ekanligiga doim ahamiyat berishadi, shunga qarab ba'zan bir-birining ustidan ham kulishadi), lekin chetdan qaraganda, menimcha umumlashtirib turuvchi hislatlar ko'p: anchagina "yopiq" ko'ngilli ("ochiqko'ngil"ning teskarisi sifatida yozdim), biroz jahldor, kesatiq-kinoyasiz yashay olmaydigan, g'alati yumorga ega bo'lgan, maydalashishni yaxshi ko'radigan, skeptik xalq. Albatta, butun bir xalqqa bir odamdek ta;rif berish yaramaydi, lekin shaxsan men ana shularni sezganman. Ijobiy hislatlariyam ko'p bularning, aslida. Hali bu haqda bo'lak bir yozuv yozaman ;)

    ReplyDelete
  3. Sherzod aka, "Shamollar yurti"ni shamollari o'zimizdagi "afg'on shamoli"dan ham daxshatlimi?

    ReplyDelete
  4. Jo'rabek, haqiqatdan kuchli afg'on shamoli bo'lsa yilda 1-2 marta bo'ladi. Bu yerda esa butun qish davomida shamol. Endi dahshatliroqmi, yo'qmi, bilmadim, chunki afg'on shamoli qum bilan chang opkeladi, bu yerning shamoli esa top-toza, lekin muzday, odamning suyak-suyagigacha o'tib ketadi.

    ReplyDelete