Men o'zbekman, ota-onam ham o'zbek, umuman yetti pushtim ham. Lekin ona tilimda bir narsa yozmaganimga yillar bo'ldi. O'zbekcha yozilgan kitob o'qimaganimga-ku kamida 10 yil bo'lgandir. Ingliz tilida o'qiyman, yozaman, ruschada o'qiyman, yozaman. Hatto yaponchada ham o'qiyapman, oxirgi paytlar. O'zbek tilidachi? O'zbek tilida faqat so'zlashaman - oilam, eng yaqin do'stlarim, tanish-bilishlar bilan - ammo ona tilimning men uchun faqat "so'zlashuv tili" bo'lib qolishini xohlamayman. Shu sababdan ham bu blogni boshladim. O'zbekistondan uzoqdaligim ham tilga bo'lgan e'tiborimni oshirdi - o'zim uchun bir narsalar yozib yurmasam, bu yerda mening tilimda so'zlasha oladigan odam sanoqli.
Odam ona tilisini hech qachon unutmaydi, degan fikrni kimdandir eshitganman. Bu fikrga qo'shilaman ham, chunki, ona tili sut bilan kirmasa-da, odamning ilk o'rgangan tili sifatida dunyoning tilsimi, bizni hayvondan ajratib turuvchi fikrlashning vositasi sifatida bir umr yodimizda bo'ladi. Ammo, undan to'laqonli foydalanilmasa, albatta, har qanday bilim kabi ona tili ham asta-sekin xotiraning chang bosgan burchaklariga chekina boradi.
Kunda kamida bitta xatni o'zbek tilida yozishimga, vaqtida o'zbek tilida maqolalar chop qilgan bo'lishimga qaramay, oxirgi paytlarda ona tilimdan foydalanishimda g'alati bir ishonchsizlik his qilganday bo'layapman. Ingliz tilidagi bloglarimni ushbu tilda yozish qobiliyatimni oshirish uchun boshlagan bo'lsam, o'zbek tilidagi birinchi blogimni ona tilimni chetga surib tashlamaslik uchun boshladim. Bu blogda o'zbek tilida fikrlagan paytlarimda hayolimga keladigan g'oya, mulohaza, kuzatuv va xotiralarimni yozmoqchiman. Asosiy maqsadimdan tashqari, bu blogdan yillar o'tib, xotira daftari sifatida ham foydalanishim tayin.
O‘zbekcha bloglar soni yana bittaga ko‘payganidan, shaxsan o‘zim - juda xursandman. Shamollar yurtidan yozilgan qiziqarli va juda qiziqarli postlarni o‘qish imkoniyatiga ega ekanligimiz bilan hammani tabriklayman! :)
ReplyDeleteOmads!
Muhrim, rahmat! Muntazam yozishga qanchalik vaqtim bo'ladi, hali bilmayman (chunki vaqt kamchiligi bu yerda - eng katta muammo), lekin harakat qilaman. O'qiydigan odam bo'lsa bo'lgani :)
ReplyDeleteYangi blogingiz bilan tabriklayman.
ReplyDeleteBitta savol, tepadagi tushirgan rasmingizdagi cherkov o‘sha 30 yil davomida qurilganmi? Bitta serialda ko‘rgan edim, ko‘rinishi tanishdek.
Ajoyib tarixga ega cherkov edi.
O'zbekcha qiziqarli va bexato yozilgan ma'lumotlarni o'qisam, ko'nglim ko'tarilib ketadi! Omad ishlaringizga!
ReplyDeleteThis comment has been removed by the author.
ReplyDeleteHaqiqatan ham yaxshi ishni boshlabsiz! Sizni tabriklayman! Men o'zbek tilini o'qitish bo'yicha darslik yozyapman, u yerga sizning asl matnlaringizdan parchalar kiritishga sizdan ruxsat olmoqchiman. Menga email adresingizni yubora olasizmi? Hurmat bilan, Umida ukhikmat@indiana.edu
ReplyDelete