Sunday, 10 January 2016

Yozuvchi Robert Makfarlen bilan uchrashuvim haqida

Bu uchrashuvga ikki oydan oshdi, yozishga shu kungacha qo'lim tegmadi, lekin hechdan ko'ra kech: 

Robert Makfarlen (Macfarlane) ismini ilk bor 2014 yilning boshida, uning Intelligent Life jurnalida chop qilingan bir maqolasini o'qib, eslab qolganman. O'shanda bu jurnalni iPadda tekinga o'qisa bo'lardi (adashmasam, hozir ham mumkin); The Economist ning "singlisi" bo'lgani uchun, sifati undan qolishmaydigan, turli-tuman qiziqarli mavzularda maqolalar ko'p chiqadi. Yozuvchining ismiga ahamiyat bermasdan, Marsda joylashgan, balandligi yigirma ikki kilometrlik bir tog' haqidagi maqolani o'qiy boshladim. O'qib tugatgach, biroz hayrat bilan yozuvchining ismini qidirdim. Maqola ajoyib yengillik bilan o'qildi: kim yozgan bo'lsayam, tilning ustasi ekanligi shunday ko'rinib turardi.

Muallifning Robert Makfarlen ekanini, uning ustiga u mening universitetimda dars berishini bilganimdan keyin, unga qiziqib qoldim. Kitob do'koniga keyingi borishimda, uning Yovvoyi joylar (The Wild Places) kitobini sotib oldim va, birinchi betini o'qib tugatmasimdan yana o'sha tanish tuyg'uni his qildim. Sahifadagi yozuv meni huddi gipnoz qilayotganday bo'ldi: bir qarashdan juda oddiy, lekin nihoyatda teran gaplar, ajoyib qiyoslar, vaziyatga juda uyg'un ta'riflar. Matn shunchalik tiniq yozilgan edi-ki, ko'z oldimda turli tuman sahnalar gavdalanar, yozuvchi ko'zi bilan ko'rgan, oyog'i bilan bosgan yerlarda bo'lmagan bo'lsam-da, ularni aniq tasavvur qila olardim.



The Wild Places kitobi men uchun bir necha kunga yaqin do'stga aylandi. Dissertatsiyamni yozib tugatish jarayonida bo'lganim uchun, vaqtim uncha ko'p emasdi. Shunga qaramay, mavzuimga aloqasi yo'q, lekin qiziqarli kitob o'qishni xohlagan paytimda, bu kitob qo'limga tushgani uchunmi, bo'sh vaqt topdim deguncha, uni o'qishga kirishardim. Kitobning asosiy mavzusi - Britan orollarida tobora yo'qolib borayotgan yovvoyi tabiat, inson oyog'i yetmagan joylar va ularni asta-sekin siqib chiqarayotgan sanoat korxonalari, dalalar, park va istirohat joylari o'rtasidagi tengsiz kurash. Robert orollarning turli joylariga - tog'lar, o'rmonlar, Irland dengizidagi kichkina bir orol, bo'rsiqlar yashaydigan pana butalarga - borib, u yerda tunab qoladi, yarim tunda sovuq tog' tepasida eshitganlarini, ko'rganlarini ajoyib ravonlik bilan, insonni junbushga keltiradigan ishonch bilan qalamga oladi.

Bu kitobini tugatgach, Robert qalamiga mansub asarlarning muxlisiga aylanib bo'lgandim, desam, xato bo'lmaydi. Kitob do'koniga yana bir kirganimda, Robertning birinchi kitobi, uni Angliyaga tanitgan Hayol tog'lari (Mountains of the Mind) ni sotib oldim. (Keyinchalik Robertning o'zi menga bu kitobni Kembrijda doktorlik dissertatsiyasini yozayotgan chog'ida, yigirma yetti yoshida chop qilganini aytib beradi). Bu kitobni ham bo'sh vaqtim bo'lganida, mayda chaynab o'qidim, lekin bundan olgan zavqim ortsa ortdi-ki, kamaymadi. Kitob negizida o'rinli bir savol: nima uchun insonlar tog'larning xatarli, sovuq, inson hayoti uchun zarur sharoitlarni ushlab turish nihoyatda qiyin joy bo'lishini bila turib, baribir tog'larga intiladi? Nima uchun Moris Hertsog (Maurice Herzog) Annapurna tog'ida bo'ronga uchraganida, ortga qaytsa, sog' qolishini, cho'qqiga tirmansa esa o'lib ketishi mumkinligini bila turib, baribir chiqishga qaror qildi? Taqdir taqozosi bilan Hertsog tirik qolgan, lekin qo'lidagi barcha barmoqlaridan judo bo'lgan; shunga qaramay, barmoqsiz qo'llari bilan yoza olmagani uchun boshqa birovga aytib yozdirgan xotiralarida zarracha pushaymon emasligini yozib qoldirgan. Kitob asosiy qahramonlaridan, 1920-yillarning boshlarida dunyoning eng baland cho'qqisi - Everestga chiqishga tarixda ilk bor uringan, uch urinishi ham omadsiz yakunlangan, uchinchi urinishda o'zi ham qurbon bo'lgan Jorj Mallori (George Mallory) nima uchun o'limga tik qadam tashladi? Axir uni uyda sevimli xotini va farzandlari kutib turgandiku! Kitobning bir necha bobida, tog'chilik tarixidan tortib, o'zining tog'lardagi sarguzashtlarigacha yozgan Robert ana shu savolga ajoyib ravishda javob beradi.

O'sha paytlarda, Robert bilan bir shaharda ekanligimiz uchun, bir kunmas bir kun uning bilan uchrashib qolarman, deb o'ylab qo'yganim esimda. O'tgan yili oktabrda shunday imkoniyat o'z-o'zidan paydo bo'ldi. Kunlardan bir kuni Robertning turmush o'rtog'i, xitoyshunos tarixchi va tarjimon, London universitetining Birkbeck kolleji professori Julia Lovell menga email bilan murojaat qildi. Xatida: "Siz yapon tilidan inglizchaga tarjima qilar ekansiz, ilmiy rahbaringiz bilan gaplashdim, menga juda qisqa muddat ichida bir kitobni tarjima qila oladigan inson yordami kerak", deb yozgandi. Albatta, o'ylab o'tirmasdan rozi bo'ldim. Yana bir yapon hamkasabam bilan, Julia bizga bergan, bir xitoy yozuvchisining faqatgina Yaponiyada chop qilingan asarini to'rt hafta deganda tarjima qilib, topshirdik. Bir kunda bir necha betlab, ba'zida yarim tungacha tarjima qilganim esimda. Ishni tugatib bo'lgach, Juliaga qisqagina email yozib, iltimos qildim: aslida turmush o'rtog'ingiz Robert Makfarlenning muxlislaridanman, uning bilan tanishmoqchiman, ma'nosida. Julia tezda javob yo'llab, jonim bilan tanishtirib qo'yaman, deb yozdi. Noyabr kunlaridan birida Kembrij universitetining Emmanuel kollejiga, Robert bilan uchrashuvga bordim.

O'zingni muxlisiman deb biladigan insonlar bilan uchrashuvdan oldin bo'lgani kabi, biroz hayajonlanib turgandim, kollej darvozasidan kenja o'g'lini yetaklagan Robert kirib keldi. "Dr. Macfarlane" deb murojaat qilganimda, "Iltimos, meni Robert deb chaqir," deb do'stona jilmayib qo'ydi. Qo'limni siqqanida, uning qo'lining juda qattiqligidan biroz hayratlandim; tog'larga chiqib yuradigan yana bir tanishimning qo'li ham xuddi shunday qattiqligi esimga tushdi. Robert bilan Emma (talabalar tilida Emmanuel kollejining erka nomi) bog'ida aylanib, endi tanishgan insonlarning gaplashadigan narsalarini gaplashdik: asosan u menga savol berdi, men esa javob. Robertning 3 yashar kenja o'g'li bu paytda kollej o'rdaklarini quvlash bilan mashg'ul bo'ldi. Birozdan so'ng uning kabinetiga kirib, u yerdagi kitoblar ko'pligidan hayratga tushdim. Xonaning hamma joyi kitob edi, bo'sh joy bo'lsa, u yerda albatta bir yo ikki kitob turardi. Robert Kembrijda ingliz tili va adabiyotidan dars berishdan tashqari, turli nashrlar, gazeta-yu jurnallarga muntazam maqolalar yozadi. Bundan ikki yilcha oldin, ingliz tilida yoziladigan adabiy sovrinlarning ichida eng taniqlisi - Buker (Booker) sovrini bosh hakami bo'lgan - o'sha paytda qanday qilib olti oy ichida yuzga yaqin romanni o'qishga majbur bo'lgani haqida kulib gapirib berdi. Ayoli Julia ham universitetda dars berishdan tashqari, shu paytgacha uch-to'rt kitob chop qilib ulgurgan, yana o'shancha kitobni xitoychadan tarjima ham qilgan. Ikkalasi uchta farzandiga ham vaqt topishadi. Shularni Robert bilan gaplashib, hayron qolganimni aytdim, shuncha ishga qaramasdan, menga ham vaqt ajratgani uchun unga minnatdorchilik bildirdim. Tabiiyki, Robert judayam qiziquvchan odam ekan: mendan O'zbekiston haqida, bizdagi tog'lar, tabiat, turizm, undan keyin Yaponiya haqida, u yerdagi tabiat haqida juda ko'p so'radi. O'g'li bu paytda otasining ish kompyuterida multfilmlar ko'rib o'tirdi.

Ikki soatdan ortiq gaplashganimizdan keyin, Robert bilan qahva ichishga bordik va men u yerda o'zim bilan olib kelgan kitoblarimga dastxat qo'ydirib oldim. Ulardan tashqari, Robert menga oxirgi ikkita kitobini ham sovg'a qildi.









Shunday qilib, ajoyib uchrashuv yakunlandi. Men bilan xayrlashayotib, Robert menga Kembrij atroflarini aylanishga chiqqanida, meni ham chaqirishini, kuni bilan dalalarda yurishni xohlasam, albatta unga va uning shogirdlariga qo'shilishimni aytdi. Bilmadim, bu baquvvat, lekin juda muloyim inson bilan uzoq masofalarni osongina yura olamanmi, lekin bu imkoniyatni kutib qolaman.

Robert Makfarlen haqidagi Wikipedia sahifasi (inglizchada).


1 comment:

  1. inglis tilini bimasamda bloggni uqiyboslaginimdan buyon dunyoni kengroq anglay bosladim

    ReplyDelete