Tuesday, 18 March 2014

Nega yaponlar poezdlarda hech kimga joy bermaydi?

Yaponiyaga ilk kelib, uning ajoyib poezdlarida muntazam qatnaydigan chet elliklar, ayniqsa o'zbekistonliklarni xayron qoldiradigan bir jihat bor. Juda ko'p guvohi bo'lganman: yoshi katta, sochi oq onaxonlar tutqichdan ushlab, tik turishadi, yosh-yalang yigit-qizlar esa telefoniga tikilganicha, pinagini buzmasdan joylarida o'tiraverishadi. Kamdan-kam holatlarda yoshlardan birontasi o'rnidan turib, joyini qariyalarga bo'shatib beradi. Mening o'zim biron marta ham buning guvohi bo'lmaganman.

Buni birinchi ko'rganimda, nima deb o'ylashni bilmaganman. Xatto biroz jahlim ham chiqqan. Faqat oradan bir necha oy o'tgach, bu "g'alati" holatga asta-sekin tushuna boshlaganman. Buning sababi ancha murakkab, lekin sodda qilib aytganda, yaponlar boshqa odamga o'z og'irini tashlashdan qo'rqishadi. Har qanday yo'l bilan birovning oldida qarzdor bo'lib qolmaslikka urinishadi. Quyida bu fikrimni biroz kengroq tushuntirishga urinib ko'raman, garchi to'liq yetkaza olishimga ko'zim yetmasa-da.

Yaponlar juda murakkab ijtimoiy qoidalarga asoslanib yashashadi. Bu qoidalarga hamma yuz foiz amal qilmasligi mumkin, ko'pchilikka ular yoqmaydi ham, lekin ularni ochiqcha buzishga ham uncha-muncha odamning jur'ati yetmaydi. Bunday yozilmagan qoidalar juda ko'p va ular har bir insonning kun davomida boshqa odamlar bilan muloqotini ikir-chikirlarigacha belgilab beradi. Ushbu qoidalar oldida bizning "Qo'qon mulozamatlar" ip esholmay qoladi.

Masalan, biron bir yangi kishi bilan tanishayotganingizda, unga albatta egilib, yoroshiku onegaishimasu deyishingiz kerak. To'g'ridan-to'g'ri tarjima qilganda, "iltimos, menga muloyim bo'ling," degan ma'noni bildiradi. "Marhamatingizni ayamang," qabilidagi iltimos, desa ham bo'ladi. Shunday qilib, bu kishi bilan rasmiy munosabatga kirishasiz va qoidalar ortidan yangi qoidalar chiqib kelaveradi. Masalan, ishdan ketayotganingizda, qolayotganlarga albatta osakini shitsureishimasu ("sizlardan erta qaytayotganim uchun kechiringlar") deyishingiz kerak. Ta'zimi bilan, albatta. Sizga javoban otsukaresama ("Yaxshi ishladingiz") deyishadi. Ishlatadigan iboralaringiz va xatto grammatik qurilmalar hamsuhbatingizning lavozimiga bog'liq: baland yoki pastligiga qarab, boshqa fe'l ishlatasiz. Yangi joyga ko'chib borganingizda, yoki yangi ish joyiga o'tganingizda, qo'shni yoki hamkasabalaringizga sovg'a berishingiz kutiladi: odatda bir quti shirinlik (Yaponiyada shirinlik sotish katta biznes! Hamma joyda chiroyli o'ralgan shirinliklar sotiladi, xatto eng kichkina bekatdayam!). Biron joyga safarga borsangiz, qaytayotganda albatta hamkasabalaringizga sovg'a olib kelishingiz kerak - yana qutida shirinlik. Esingizdan chiqib ketsa, uyatga qolasiz - yuzingizga hech kim aytmasa-da, o'zingiz uyalasiz - mana sizga yozilmagan qoidalarning kuchi!

Uning ustiga, bu ijtimoiy qoidalar yillar, asrlar davomida shunchalik takomillashganki, tushunmovchiliklar kamdan-kam yuz beradi. Ko'p hollarda, har bir odam o'zidan ayni o'sha vaziyatda nima kutilishini biladi, shunga ko'ra harakat qiladi. Masalan, navbatda turish qoida darajasidan muqaddas burch darajasiga ko'tarilib, shunchalik odatiy holga aylanib ketganki, navbatdan oldin nimadir olishga urinib ko'rish yaponlar uchun umuman aqlga sig'dirib bo'lmaydigan narsadir. Shuning uchun, ko'rinishidan banditga o'xshagan, bezori bolalar ham ko'chada birontasini bilmasdan turtib yuborsa, albatta egilib kechirim so'raydi. Bu qoidalarga Yaponiyada uzoq vaqt bo'lgan chet elliklar ham o'rganib, tabiiy ravishda bo'ysunib ketaveradi. Shunday paytlar yaponlarga qarab juda ko'p "Siqilma!" degim keladi.

Bularni birma-bir yozishimga sabab bor. Menimcha, qoida va chegaralarning haddan tashqari ko'pligidan, odamlar bir-biri bilan ijtimoiy munosabatga kirishishdan o'zini tortadigan bo'lib qolgan. Sababi - har bir ana shunday munosabat o'zi bilan yangi majburiyatlarni olib keladi. Har bir yangi tanish - yangi ta'zimlar, yangi sovg'alar, yangi uchrashuvlar. Yaponcha qilib aytganda, mendōkusai! Buning yana bir oqibati - yoshlar bir-biri bilan tanishishdan, munosabatlarga kirishishdan o'zini tiyishmoqda.

Poezddagi odamga joy bersangiz, u sizga albatta rahmat deyishga majbur bo'ladi. Unga sizga rahmat degandan ko'ra, tik turgan afzalroq. Men boshida bir nechta qariyalarga joy berib ko'rdim. Faqat bir-ikki marta, juda keksa, charchagan onaxonlardan ba'zilari rahmat aytib, o'tirishdi. Aksariyat hollarda esa, joy bo'sh qoladi, keksa turishda davom etadi, mening joyimga esa yana bir yosh-yalang hayoliga ham keltirmasdan o'tirib oladi. Bir marta bir amaki butun vagonga uyaltirdi ham: o'rnimdan turib, unga joyni ko'rsatganimda, baland ovozda daijobudayo ("Men yaxshiman, bemalol turaveraman", ma'nosida) desa bo'ladimi. Atrofdagi hamma menga birdaniga o'girilib qaradi. Shundan keyin boshqacha yo'l tutadigan bo'ldim - qariya yoki onaxonning yuziga qaramasdan, o'rnimdan jimgina turaman-da, chetga o'tib turaman. Ular ko'pincha o'tirib olishadi, menga bir nazar tashlab qo'yishadi, qaramayotganimni ko'rgach, yengil tortishadi.

Xo'p, jamiyatda birovdan qarzdor bo'lishning nimasi yomon, deyishingiz mumkin. Yaponlar haqida oz-moz bilganlar esa, "Aksincha, ularning jamiyatida jipslik kuchli, odamlar bir-biriga suyanadi," deyishlari mumkin. Men bu fikrlarni noto'g'ri demayman, lekin menimcha bunday xulq-atvor jamiyatda majburiyatlar shusiz ham juda ko'pligining oqibatidir. Odamlar odamlardan charchab ketgan, desayam bo'ladi. Bunga qo'shimcha, albatta, juda uzoq ish kuni, doimiy charchoq va boshqa sabablar ham bor. Albatta, mening yozganlarimni hammaga ham qo'llab bo'lmaydi, lekin ko'pchilik haqida to'g'ri bo'lsa kerak.

2 comments:

  1. билиб олганимиз яхши бўлди одатларини рахмат

    ReplyDelete
  2. Мен ушбу блогпостни ўқиганимда дастлаб хайрон бўлгандим Шерзод ака. Японияга келиб хақиқатда ҳам ушбу манзарага кўзиб тушишни бошлади. Японлар ажойиб халқ.

    ReplyDelete