Thursday, 17 May 2012

Zamonaviy o'zbek adabiyoti haqida



O'zbek tilida badiiy adabiyot o'qimaganimga ko'p yil bo'ldi. 10 yildan oshib ketgan bo'lsa kerak. Yaxshilab eslab qarasam, o'zbek tilida yozilgan kitoblardan oxirgi o'qiganim - Said Ahmadning "Yo'qotganlarim va topganlarim" to'plami ekan. Ungacha o'zbek tilida juda ko'p kitob o'qiganman - bolalik davrlarimda, keyinchalik esa davlat imtihoniga tayyorlanish jarayonida o'nlab romanni qo'ldan o'tkazganman. Qodiriydan tortib Tog'ay Murodgacha o'qib chiqqanman, hali hanuz bu ajoyib asarlarni eslaganimda, o'sha yoshlik paytlarim esimga tushib ketadi. Talabalik yillarimda o'zbek tilida asosan she'r o'qirdim, lekin vaqt o'tishi bilan, ulg'ayib, diydam qotib ketganidanmi, yoki, O'tkir Hoshimov yozganidek, "dunyoga hayrat bilan qarash" qobiliyatini asta-sekin yo'qotib borganimdanmi, she'rlar oldingiday ta'sir qilmaydigan bo'lib qoldi.

O'tgan 10 yil ichida o'nlab roman o'qidim, lekin ularning katta qismini ingliz tilida, ba'zilarini ruschada o'qidim. Talabalik paytlarimda, ingliz tilida roman o'qish borgan sari osonlashib, menga xuddi yangi bir dunyo ochilganday bo'lgan. Ayniqsa ingliz tilida yozilgan kitobni hamisha ingliz tilida o'qishga harakat qilardim. Fransuz, nemis yo boshqa tilda yozilgan kitobning ruschasini topardim. Shunday qilib o'zbek tilidagi kitoblardan uzoqlashib ketdim.

Shunchalik uzoqlashibmanki, oxirgi yillarda vatandoshlar nima o'qiyapti, qanday kitoblar chop qilinayapti, adabiyot dunyosida nima gap - bularning hammasidan bexabarman. Xuddi Tog'ay Murodning "Momo yer qo'shig'i" novellasi qahramoni singari. Bugun o'ylab qoldim, o'zbekchadayam yangi kitoblar chop qilinayotgandir, balkim ular orasida yaxshilari bordir, deb. Buni bilishning men uchun eng qulay yo'li - sizlardan so'rash. Oxirgi 5-10 yil ichida o'zbek adabiyotida qanday yangiliklar bo'ldi? O'zbek tilida yozilgan qaysi kitobni tavsiya qila olasiz? Qaysi kitobni qayta-qayta o'qigan bo'lardingiz? Qaysi yozuvchini do'stingizga tavsiya qilasiz?

Javoblar uchun oldindan rahmat! ;)