Monday, 10 December 2012
"Parizod" yoxud yangi o'zbek kinosi haqida
Bundan bir yilcha oldin, rus tilida chop qilinadigan jurnallarimizning birida hozirgi o'zbek kinosi haqida bir maqola yozgandim. Unda kinolarimizning bir xilligi, san'at asari darajasidan ancha pastda ekanligi haqida fikr yuritgandim. Yetkazmoqchi bo'lgan fikrim, qisqacha, quyidagicha edi: kino sanoatimiz juda tez rivojlanayapti, lekin filmlar faqatgina daromad olish maqsadida ishlanadigan bo'lsa, ularning saviyasi hech qachon ko'tarilmaydi. Albatta, taklifni talab belgilaydi, lekin kinochilarimiz filmlar darajasini birozgina oshirishsa, bundan hamma yutadi. Ham uydagi muxlislar mehrini qozonsa bo'ladi, ham chetga uyalmasdan olib chiqsa bo'ladigan filmlar yaratiladi.
Maqolani yozishga turtki bo'lgan tuyg'u o'quvchiga tanish bo'lsa kerak. Lekin, ochig'i, unga qanday ta'rif berishni bilmayman. Bir-ikkita yaxshi kino ko'rib qo'yib, o'zini kino ixlosmandi deb biladigan odamning hozirgi kinolarimizga yuqoridan qarashi, deb ta'riflasa bo'lar. Boshqa so'z bilan aytganda, "toza san'at" "bozorbop mahsulot" girdobida yo'qolib ketayapti, degan norozilik kayfiyati.
Oradan oylar o'tib, yozning issiq bir kunida Toshkent kinoteatrlaridan biri yonidan o'tib ketayotib, Ayub Shahobiddinovning "Parizod" filmining posterini ko'rib qoldim. Ssenariyni atoqli yozuvchimiz Erkin A'zam yozganini o'qiganimdan keyin, kinoni ko'rishga qaror qildim. Bungacha Shahobiddinovning "Sevinch" va "O'tov" filmlarini ko'rgan edim, lekin rejissorning ismini eslab qolishga majbur qilgan film aynan "O'tov" bo'lgan.
Subscribe to:
Posts (Atom)