Wednesday, 8 February 2012

Fevral

Fevral oyi nima uchun hammaga sovuq tuyuladi? Bu savolga ikkita javobim bor. Birinchidan, fevral oyi rostdan ham dekabr va yanvardan sovuqroq bo'ladi. Bunga isbot sifatida oxirgi bir nechta qishni eslashning o'zi kifoya qiladi. Ikkinchidan, psixologiyaning ta'siri ham bor: ikki oy davomida qishning sovuqlari, ayoz bobosi va shamollaridan charchagan odamlar bahorni, quyoshni, yam-yashil maysani yanada kuchliroq xohlay boshlashadi.

Angliyada ham fevral qishning eng sovuq oyi. Yanvarning oxirida "Qishning bor yo'g'i bir oyi qoldi!" degan quvonch to'la qichqirig'imga uy egasi "Hali shoshmay tur, oldinda fevral turibdi", deb javob berdi. Aytganidek, bu hafta shu paytgacha qishning eng sovuq haftasi bo'layapti. Shanbadan yakshanbaga o'tar kechasi qishning birinchi "haqiqiy" qori yog'di. Angliyada qor odatda ertasi kuniyoq erib ketadi, lekin bu qor haliyam to'liq erib ketgani yo'q, kechalari hukm surayotgan ayoz esa yo'l chetlarida qolgan, qorayib ketgan qor uyumlarini muzlatib, toshday qattiq holatga keltirgan. Kecha kechqurun kutubxonadan qaytayotib, birinchi marta sovuqning "zahrini" sezdim: uyga kelganimda burnim qip-qizargan, barmoqlarim esa sovuqdan qotib, qimirlashi qiyin bo'lib qolgan edi. Uyning egasi ham sovuqni birinchi marta sezganmi (bir joyidan sovuq o'tgan shekilli:)), kun davomida isitish tizimini o'chirmayapti.

Qor haqida bo'lak, suratli yozuv yozaman, shu kunlarda.

Friday, 3 February 2012

Banan archish haqida

Bu blog Angliya haqida bo'lishiga qaramasdan, vaqti-vaqti bilan, uncha olis bo'lmagan yoshligimni eslab, Yaponiya haqida ham yozib turaman.

Hayotimning Yaponiyada o'tgan 2 yili ichida juda ko'p qiziq narsalarni (va narsalarga) o'rgandim. Shulardan eng g'alatisi, menimcha, banan archishning yaponcha usuli bo'lsa kerak. Aytingchi, siz odatda bananni qanday archiysiz? To'g'ri, o'zagidan ushlab turib (chunki o'zak ona tabiat tomonidan ushlash uchun yaratilgandek), uchidan terisini pastga tortasiz. Natijada banan quyidagicha archiladi:


Yaponiyada esa ko'pchilik bananning o'zagini qarsillatib sindirib, uni pastga tortish yo'li bilan archishganini juda ko'p ko'rganman. Mana bunday qilib:


Birinchi marta men ham ana shu usul bilan archib ko'rganimda, ancha qulay ekanini tushunib yetganman. Birinchidan, o'zakning o'zini burab, qo'lni bananning shilimshiq "badaniga" tekkizmasdan, terisidan qutulsa bo'ladi. Ikkinchidan, yaponcha usulda archilgan bananning uchini tishlab, tuflab tashlashga hojat qolmaydi, chunki qora uchi pastda qoladi.

Yaponiyadan ketganimdan so'ng bu narsaga ahamiyat bermay qo'ygan ekanman. Yaqinda Yaponiyada tug'ilib-o'sgan amerikalik bir bolaning banan archiganini ko'rib, yana esimga tushdi. Yaponlardek archiding, deganimga javoban, "axir bu eng tabiiy usul-ku," deb qoldi. Uning fikriga qo'shilishdan boshqa ilojim qolmadi :)