Fevral oyi nima uchun hammaga sovuq tuyuladi? Bu savolga ikkita javobim bor. Birinchidan, fevral oyi rostdan ham dekabr va yanvardan sovuqroq bo'ladi. Bunga isbot sifatida oxirgi bir nechta qishni eslashning o'zi kifoya qiladi. Ikkinchidan, psixologiyaning ta'siri ham bor: ikki oy davomida qishning sovuqlari, ayoz bobosi va shamollaridan charchagan odamlar bahorni, quyoshni, yam-yashil maysani yanada kuchliroq xohlay boshlashadi.
Angliyada ham fevral qishning eng sovuq oyi. Yanvarning oxirida "Qishning bor yo'g'i bir oyi qoldi!" degan quvonch to'la qichqirig'imga uy egasi "Hali shoshmay tur, oldinda fevral turibdi", deb javob berdi. Aytganidek, bu hafta shu paytgacha qishning eng sovuq haftasi bo'layapti. Shanbadan yakshanbaga o'tar kechasi qishning birinchi "haqiqiy" qori yog'di. Angliyada qor odatda ertasi kuniyoq erib ketadi, lekin bu qor haliyam to'liq erib ketgani yo'q, kechalari hukm surayotgan ayoz esa yo'l chetlarida qolgan, qorayib ketgan qor uyumlarini muzlatib, toshday qattiq holatga keltirgan. Kecha kechqurun kutubxonadan qaytayotib, birinchi marta sovuqning "zahrini" sezdim: uyga kelganimda burnim qip-qizargan, barmoqlarim esa sovuqdan qotib, qimirlashi qiyin bo'lib qolgan edi. Uyning egasi ham sovuqni birinchi marta sezganmi (bir joyidan sovuq o'tgan shekilli:)), kun davomida isitish tizimini o'chirmayapti.
Qor haqida bo'lak, suratli yozuv yozaman, shu kunlarda.
No comments:
Post a Comment