Monday, 22 June 2015

Kitob - umid degani

Angliyaning deyarli har bir shahrida, ayniqsa odamlar gavjum markaziy ko'chalarda, "uysizlar" (homeless) tabaqasiga mansub odamlarni ko'p uchratasiz. Ko'p gazetalar bularni "kambag'allik chuquriga tushib, qaytib chiqa olmayotganlar" deb ham ta'riflashadi. Uysizlarning hammasi ham tilanchi emas, lekin aksariyati ko'chaga qalpog'ini qo'yib, o'tgan-ketganga "Tanga bo'lsa tashlab keting" deb o'tiradi. Qorong'uroq ko'chada duch kelib qolsangiz, do'q qilib pulingizni tortib olishdan ham qaytishmaydi. Uysiz-joysiz bo'lgani uchun, sovuq qishlarda ham ko'chada uxlashadi. Kembrijga kelgan yilim mahalliy gazetada o'qiganim esimda: qahraton payti sovuqdan saqlanish uchun bir guruh uysizlar shahardagi qabristonlarning birida, qabr toshlarini siljitib, qabrlarga kirib uxlasharkan.

Uysizlarga qayishadigan tashkilotlar bor, odamlardan pul yig'ib, qish paytlari ularga issiq ovqat, kechasi uxlashga yotoqxona tayyorlashadi. Big Issue degan jurnal bor: mashhur jurnalistlar ushbu jurnalga tekinga maqola yozadi (hayriya maqsadida), jurnalni uysizlar ko'chada turib sotishadi, yarim pulni Big Issue jamg'armasiga, yarmini esa o'zlariga qoldirishadi. Ba'zi hayriya tashkilotlar ularga o'qish-o'rganish va oqibatda ish topishda yordam beradi. Shunga qaramay, bularning soni ko'paysa ko'payayapti-ki, kamayganini men hech sezmayman. Odamlar orasida uysizlar to'g'risida yuradigan mishmishlarga ko'ra, bular ish topolmagani uchun emas, ishlashni xohlamagani uchun ana shunday ko'chada yashashadi. Inglizlar uysizlarni ko'pincha inglizchada D harfi bilan ataladigan uch narsa: narkotiklar, ichkilik va itlar (drugs, drinking, dogs) bilan bog'lashadi. Bunda haqiqat bor: uysizlar deyarli har doim itlar bilan birga yurishadi, yashashadi, sovuq tunlari esa quchoqlashib yotishadi. Ularning aksariyati mast holda yuradi; bu mastlik narkotiklar ta'siri ostidami, yo ichkilik natijasidami, aniq aytish qiyin.












Uysizlardan juda muloyim muomala ham kutib o'tirish kerak emas. Yuqoridagi suratni Londondagi Highbury & Islington bekati yonida tushirganman; suratni olishim bilan, uxlab yotgan itning egasi yonimga yugurgilab kelib, baland ovozda mendan pul talab qila boshladi. Yonimda yurgan do'stim "Berma!" deganiga qaramasdan, bir funt berib qutulganim esimda. Ba'zilari o'zicha muloyimona ingliz tilida ("Excuse me please, Sir...") murojaat qiladi, ahamiyat bermasdan o'tib ketsangiz, orqangizdan so'kadi ("Yo'qol kelgan yurtingga, va hk"). Qisqasi, uysizlarni juda tartibli va xushmuomala fuqarolar deyish qiyin.

Lekin ana shularning ichida ham har xil odam bo'lar ekan. Quyoshli kunlarning birida, London markazidagi Piccadilly ko'chasidan o'zimning sevimli Waterstone's kitob do'koniga ketayotib, mana bu manzaraga ko'zim tushdi.



















O'zim ham kitob ko'rishga ketayotganim uchunmi, bilmadim, lekin bu manzara meni ilhomlantirdi. Hammaga ham juda oddiy stereotiplarga ko'ra baho bermaslik kerakligini yana bir bor esladim. Uysizlarning hammasi ham men bilgandek emasligi, ularning orasida ham xuddi men bilan siz kabi kitoblardan zavq oladiganlari borligini o'ylab ko'rmagan ekanman. Ko'rib turganingizdek, yuqoridagi yigit topgan tangalarini ichkilik bilan narkotikka emas, qahva bilan elektron kitob o'qigichga sarflagan. Kitob o'qigan odamdan esa biroz bo'lsa-da umid qilsa bo'ladi.

No comments:

Post a Comment