
O'zini hurmat qilgan ingliz kunda kamida bir marta atrofdagilar bilan ob-havoni muhokama qiladi, degan yarim-hazil fikr bor. Men ham shu an'anaga rioya qilib, blogdagi ilk yozuvlarimdan birida bu yerning ob-havosi haqida ikki og'iz yozsam.
Aslida, bu yozuvni yozish uchun menga yuqoridagi rasm ilhom bag'ishladi. Derazaga bu yomg'ir tomchilarini bugun kuni bilan uvillagan kuchli shamol olib kelib "yopishtirdi". Shu sababdan, bu rasm menga nafaqat Angliyada odatiy hol bo'lgan yomg'irni, balki shamolni ham eslatadi.
Yilda 300 kun quyosh ko'rib o'sgan o'zbekning bolasi bunday havoga ko'nikolmay qiynalishi tayin; bundan olti yil ilgari Manchesterga kelganimda aynan ana shu havo ta'siri ostida ko'pincha tushkun kayfiyatda yurardim. Shamolni so'kish mumkinligini birinchi marta Manchesterda tushunganman - shunchalik joningizga tegadiki ba'zan bu kuchli va sovuq shamol, baqirib so'kkingiz keladi. Manchesterda o'sha paytlar o'zbek tilini tushunadiganlar ko'p bo'lmagani uchun, behavotir so'kinsa bo'lardi. Lekin shamolning o'zi aslida hech narsa emas: bugungiday yomg'ir bilan shamol qo'shiladigan bo'lsa, unda xudo urdi deyavering. Shamol muzday yomg'ir tomchilarini yuzing-ko'zing demay olib kelib uradi, odamning yuzi birpasda shalabbo bo'lib qoladi. Shunday kunlarda eng yaxshisi - uyda o'tirib, issiq ingliz qora choyini ichib, biron kitob o'qish yoki boshqa foydali mehnat bilan shug'ullanish.
Lekin Kembridj Manchesterchalik yomg'irli joy emasdayga o'xshaydi. To'g'ri, O'zbekistondagiga nisbatan yomg'ir ancha ko'p yog'adi bu yerda, lekin, rostini aytsam, Manchesterdagichalik yog'ingarchilikni endi hech qayerda ko'rmasam kerak. U yerda yomg'ir yog'magan kuniyam osmon xo'mrayib, qora bulutlar baland binolarning tomlariga tegay-tegay deb suzib o'tib ketaverardi. Bu yerda quyosh ko'proq chiqadi, shekilli, yomg'ir odamni u qadar bezovta qilmaydi. Lekin Shimoliy dengiz tomonlardan keladigan shamol qish davomida holi-jonimizga qo'ymasa kerak.