Friday, 15 March 2013

Derazalardagi chiroqlar

Velosipedim buzilganidan beri, universitet bilan uyim orasidagi yo'lni piyoda bosib o'tayapman. Velosipedga o'rgangan odamman - boshida yayov yurish qiyin bo'ldi. Vaqt ketadi, uning ustiga yelkadagi xurjun (to'g'ri yozdimmi?) yarim soat ichida anchagina azob beradi. Lekin oradan biroz vaqt o'tib, ko'nikdim - bunday o'ylab qarasam, velosipedda 10 daqiqada boradigan joyim uchun 20 daqiqa yurishim kerak bo'larkan. Ko'proq vaqt ketishini aytmaganda, yurishning afzalliklari ko'p ekan. Masalan, yuraverib o'rganib qolgan yo'lda ketaverib, juda ko'p narsalarni o'ylab olsa bo'ladi. Men asosan ilmiy ishimning keyingi boshqichini, kecha o'qigan narsalarimni, o'sha kuni qilinishi kerak bo'lgan ishlarni, anchadan beri yozilmay turgan xatlarni birma-bir eslab chiqaman. Yana bitta juda yaxshi tomoni: telefonda gaplashib olish imkoni bo'ladi. Velosipedda yurib, gaplashib bo'lmaydi - bu yerlarning yo'llari Yaponiyadagi kabi emas, xavfli. Piyoda yurib, manzilga yetguncha kamida 2-3 kishiga qo'ng'iroq qilib ulguraman.

Lekin piyoda yurishning eng ajoyib tarafi - kechqurun derazalarda yonadigan chiroqlar, bir soniya ichida uy ichkarisida ko'rinib ketadigan narsalar, odamlar. Men birovlarning derazasiga ataylab qaramayman, ularni kuzatmayman. Shunchaki, uy yonidan o'tayotib, to'xtamasdan, sekinlamasdan, bir nazar tashlayman. Lekin ana shu bir-ikki soniya ichida juda ko'p narsalarni ko'rib, ba'zi bir uylarni esa yaxshi eslab qolishga ulgurdim. Odam har kuni bir vaqtda, bir yo'ldan yuraversa, o'zi xohlamasa-da juda ko'p yangi narsalarni o'rganar ekan.

Kembridjdagi uylarning aksariyati kitoblar bilan to'la ekan. Toshkent uylari yonidan o'tib, yonib turgan televizor, yoki devorga osilgan gilamni ko'rsangiz, bu yerda kitob javoniga ko'zingiz tushadi.

Uyim bilan universitet orasida joylashgan park yonidagi qator uylarning biridagi derazada hamisha o'zimga o'xshagan bir talaba yoki doktorant kompyuterida bir nimalar yozib o'tiradi. Uning yonida hamisha oq chinnidan qilingan choy chashkasi turadi, baland o'qish chirog'i kechqurunlari yoniq, kunduzi esa o'chgan bo'ladi. Kichkina ko'chalarning birida bir uy bor - ko'chaga qaragan katta derazasining pardalari hech qachon tutilmaydi - uy egasi xuddi "mana, ko'ringlar meni uyimni," degandek. Bir necha marta uy yonidan o'tib, xonada hech kimni ko'rmagach, hayron qolardim. Keyin bir kuni derazaga teskari kursida gazeta o'qib o'tirgan qariya bir ayolga ko'zim tushdi. Shundan beri qachon kunduzi o'tsam, o'sha ayol derazadan tushayotgan quyosh nurida yo kitob, yo bir gazetani o'qib o'tirgan bo'ladi. Xuddi o'sha ko'chaning yuqorirog'idagi bir uyda esa, kechqurunlari qaytganimda televizor oldida stul qo'yib, tomosha qilib o'tirgan qariyaga ko'zim tushadi. Bir narsaga hayronman - xonasi juda yaxshi bezatilgan, uyining tashqi ko'rinishi ham yomon emas, lekin nima uchun bu qariya har doim oddiy stulda o'tirib televizor ko'radi? Divan olishni xohlamasmikan? deb o'ylayman.

No comments:

Post a Comment